Читки Яна Вагнера

 

She'riyat shaydolariga tarjimonlardan yana bir tuhfa: Yan Vagner o‘zbek tilida

 

O‘zbekistondagi Gyote-Instituti tashabbusi bilan badiiy tarjima masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi. Seminarda ishtirok etgan yosh tarjimonlar zamonaviy nemis she'riyatining zabardast vakili, Byuxner adabiy mukofoti sovrindori Yan Vagner ijodidan namunalarni o‘zbek tiliga tarjima qildilar va tarjima jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklar va muammolar yuzasidan fikr almashdilar.

Ma'lumot uchun: Yan Vagner 1971 yilda Germaniyaning Hamburg shahrida tug‘ilgan. Dastlab Hamburg Universiteti, keyinchalik Irlandiyada Dublin Universitetlarida tahsil olgan. Ayni paytda oilasi bilan Berlin shahrida istiqomat qiladi. Vagner sanoqsiz mukofotlar sovrindori. Nemis adabiyotiga qo‘shgan hissasi uchun 2017 yilda Georg Byuxner mukofoti bilan taqdirlangan.

Tarjima san'atining ahamiyati, uning adabiyotlar o‘rtasida madaniy ko‘prik sifatida tutgan o‘rni haqida ko‘p gapirish mumkin.
"Aslida, she'riy tarjimadan kuzatiladigan maqsad bir tilda yaratilgan nazmiy obidani boshqa til vositalari bilan qayta yaratishdan iborat. Basharti, tarjimada asl nusxaning barcha zohiriy belgilariga rioya qilingan: vazn, qofiya, radif, alliteratsiya va hokazolar "aynan" saqlangan, hamma narsa "o‘z joyida" bo‘lsa-yu, boshqa tilda asarning botiniy go‘zalligi: estetik qiymati, ma'nosi, shirasi, ta'sirchanligi yo‘qolsa, bunday tarjima originalga ekvivalent bo‘la olmaydi" degan edilar tarjimashunos olim, ustozimiz G‘aybulla Salomov.

Seminarga rahbarlik qilgan shoira va tarjimon Hafiza Qo‘chqorova mutarjim uchun muhim bo‘lgan xislatlardan biri uning o‘zi tarjima qilayotgan asar muallifiga hamohang bo‘lishi, tarjima jarayonida shoiringiz yoki adibingiz bilan xayolan birga yashashingiz, uning hislarini o‘zingizga ko‘chira olishingiz lozim, deb hisoblaydi.
Yan Vagnerning nega aynan atrofimizni o‘rab turgan, kundalik va ko‘z ilg‘amas narsalar haqida she'r yozishi haqidagi savollarga seminar rahbarining javobi quyidagicha: “Umuman olganda, adabiyot sharqda odamlarni eng avvalo adab, odobli, tarbiyali bo‘lishga xizmat qilsa, g‘arbda kengroq ma'noda mantiqiy mushohada qilishga chorlovchi go‘zal vositadir”. She'rlar turli tarjimonlar talqinida turli ohang va mazmun kasb etadi. Quyida mushohada uchun Sizga bir necha tarjimonlarning mehnati mevalarini taqdim etamiz: