O'zbekistondagi o'yin sanoati

O'zbekistondagi o'yin sanoati
© Goethe-Institut Usbekistan

O'zbekistondagi o'yin sanoati haqida nima deya olamiz?
O’yin sanoati hozirgi vaqtda butun dunyoda eng tez rivojlanayotgan IT-sanoatlaridan biri sanaladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, bu sanoatning daromadi tez orada 200 Milliard AQSh dollariga yaqinlashadi.
Bunda mobil o’yinlar o’yin sanoatining eng tez rivojlanayotgan tarmog’i hisoblanadi. Mobil o’yinlarning eng katta afzalligi shundaki, amalda har bir kishi uchun jahon bozoriga (Apple AppStore, Google Play) yo’l ochiq. Albatta, bu tufayli raqamli do’konlarda har bir foydalanuvchining e’tiborini jalb qilish uchun katta raqobat mavjud bo’ladi.  Lekin O’zbekistonda mobil o’yinlar bozori haligacha katta bo’shliq bo’lib qolmoqda.

O’zbekistonda mobil o’yinlar bozori
Bir necha yil avval O’zbekiston bozoridagi auditoriya ahamiyatsiz tuyulgan bo’lsa-da, oxirgi vaqtlar ichida ko’p narsa o’zgardi.  “We Are Social” portalining ma’lumotlariga ko’ra, O’zbekistonda salkam 10 million kishi smartfonlardan foydalanadi.

O'zbekistondagi o'yin sanoati

Yaqinda Infocom.uz portali O’zbekiston geymerlari o’yinlar uchun 2018-yil 54 million AQSh dollari sarflagani haqida ma’lumot e’lon qildi.
Chet ellik mutaxassislar ham bizning bozorimizga qiziqish ko’rsata boshlashdi. VC.ru saytida yaqinda e’lon qilingan maqolada muallif War Robots o’yinida o’zbekistonlik foydalanuvchilardan kelayotgan daromad ukrainalik va boshqa davlatlar foydalanuvchilarining daromadlaridan oshayotgani haqida hikoya qiladi. 
  
Yoshlar uchun muammo
Sanoatning jozibadorligiga qaramasdan ushbu soha O’zbekistonda ibtidoiy holatda qolmoqda va Markaziy Osiyoning ko’plab davlatlarida bo’lgani kabi mutaxassislar yetishmaydi. Shunday bo’lsa-da, O’zbekistonda o’yinlar yaratadigan bir nechta muvaffaqiyatli kompaniya mavjud, lekin ular 35 millionlik aholi uchun kamlik qiladi va ko’pincha sohada katta tajribaga ega bo’lgan mutaxassislarni chet eldan ham taklif qilishadi. Bu ular uchun yosh mutaxassislarni tayyorlashga mablag’ sarflashdan ko’ra foydaliroqdir. Bundan tashqari, yoshlar yirik kompaniyalarda oddiygina ish vaqti sababli mehnat qila olishmaydi, chunki ularning ko’pchiligi o’qiydi va soat 9 dan 18 gacha bo’lgan to’liq ish kunida ishlay olmaydi.

Dilemma yuzaga keladi, ya’ni, o’z o’yinlarini yaratishni istaydigan faol yoshlar bor, lekin shakllanib bo’lgan kompaniyalarda o’z ko’nikmalarini rivojlantirish uchun ularda imkoniyat yo’q.