Tez kirish:

To'g'ri mazmunga o'tish To'g'ri asosiy navigatsiyaga o'tish

GDG 2020 DemoDay – barcha rezidentlarning ilk to’laqonli uchrashuvi

GDG 2020 DemoDay
© Goethe-Institut Usbekistan

Onlayn formatdagi bir necha oylik ishdan keyin biz nihoyat ilk to’laqonli oflayn tadbirni o’tkazishga qaror qildik. Yaxshiyamki, koronavirus epidemiyasi bilan bog’liq vaziyat barqarorlashdi va tadbirlar o’tkazila boshlandi. Tavakkal qilmaslik uchun biz katta bir banket zalini ijaraga oldik va faqat eng faol rezidentlarni taklif qildik. Buning natijasida biz yopiq maydonda ko’p odam to’planishining oldini olishga erishdik.
 
Biz bunga uzoq tayyorgarlik ko’rdik va avvalambor oddiy furshet emas, balki ko’rgazma muhitini yaratishni niyat qildik. Shuning uchun biz o’nlab rollap va bannerlar tayyorladik.
  
Alohida foto-hudud tashkillashtirilib, u yerda biz rezidentlarimizdan video-intervyular ham oldik.
  
Odatdagidek, intervyu olish jarayoni cho’zilib ketdi va biz rasmiy qismni biroz kechikish bilan boshladik. Rasmiy qism inkubator doirasida qilingan ishlar borasidagi yakuniy xulosalardan boshlandi.
 
Keyin DemoDay tadbirigacha yetib kelgan 12 ta o’yin mualliflari chiqish qilishdi hamda o’zlari va o’z o’yinlarini qanday yaratganliklari haqida qisqacha gapirib berishdi.
 
Keyin esa tadbirning eng asosiy qismi – o’yinlar namoyishi boshlandi. Faol rezidentlar, mehmonlar hamda hakamlar jamoasi inkubatsiya davrida yaratilgan o’yinlarni o’ynab ko’rish imkoniga ega bo’lishdi. Jami 12 ta o’yin taqdim qilindi.
   
Hakamlar jamoasi o’yinlarni bir necha mezonlar bo’yicha baholadi: noodatiy g’oya, qiziqarli mexanika, vizuallik sifati. O’yinlarni o’rganish jarayoni va ularni baholash ancha ko’p vaqt oldi. Bu vaqtda o’yinlar mualliflari zalning ikkinchi yarmida furshet stollari atrofida dam olish imkoniga ega bo’lishdi. Ba’zi rezidentlar allaqachon o’zlarining yaqiniga aylangan onlayn hamkasblari bilan uchrashish va jonli muloqot qilish uchun ilk marotaba imkoniyatga ega bo’lishdi.
  
Rezidentlarimiz norasmiy muhitda o’zaro suhbatlashib turgan bir vaqtda sahna ortida ovozlarni sanash va sertifikatlarni imzolash bo’yicha izchil jarayon borardi.
  
Soat millari sezdirmasdan allaqachon soat 22:00 ga qarab borardi, bu esa rejadagidan ancha kech edi. Lekin, aftidan hech kim uyiga ketishga shoshilmasdi. Shunday bo’lsa-da, biz Demo Day tadbirimizning eng avj nuqtasiga chiqishga – sovrinlar va sertifikatlarni topshirishga qaror qildik.
 
Hakamlar hay’ati qo’ygan baholar natijasiga ko’ra, o’yinlar yaratish bo’yicha GameDev Goethe inkubatorining birinchi mavsumi g’oliblari quyidagilar bo’lishdi:
- Eng yaxshi video prototipi – Timur Martinez Muqimov;
- Eng yaxshi kod – Dmitriy Shulgin;
- Eng yaxshi vizual – Nodira Tillaeva;
- Eng yaxshi g’oya – Shukurullo Habibullaev;
- Eng yaxshi mexanika – Otabek Baratov.
 
Ko’rsatilgan nominatsiyalar bo’yicha barcha g’oliblar o’z o’yinlarining sinov targ’iboti uchun IT Park’ning 1 000 000 so’m miqdoridagi sertifikatlariga ega bo’lishdi. Sinovdan keyin (Google Play statistikasi asosida) eng yaxshi o’yinlar 10 000 000 so’mgacha bo’lgan moliyaviy ko’mak olishadi.
   
Loyiha hamkori bo’lgan VRonica kompaniyasining maxsus sovrini – Oculus Go modelidagi VR shlemi “VR tizimiga o’tkazish mumkin bo’lgan o’yin” nominatsiyasida “Colors of Infinity” nomli o’yin muallifi Timur Martinez Muqimovga nasib etdi.
 
“Eng yaxshi o’yin” nominatsiyasida super sovrin va BrandStore internet do’konidan tovar xarid qilish uchun 5 000 000 so’mlik sertifikat “Circles” nomli o’yin muallifi Shukurullo Habibullaevga berildi. GDG 2020 DemoDay