eVRilish Kafka virtual reallikda

​„Bir kuni ertalab behalovat uyqudan uyg‘ongan Gregor Zamza o‘zining bahaybat hasharotga aylanib qolganini ko‘rdi.“ 20-asrning eng mashhur hikoyalaridan biri bo’lmish Frants Kafka qalamiga mansub „Evrilish“ hikoyasi mana shunday satrlar bilan boshlanadi. „eVRilish“ mavzusida o’tkaziladigan tadbir doirasida Siz VR texnologiyasi yordamida asliyatga sodiq holda yaratilgan xonada bahaybat hasharot sifatida uyg’onishingiz mumkin.

„Avvalo poyafzalingizni yechsangiz“ – dasturchi Eduard Fisher meni mana shu so’zlar bilan qarshi oladi. Uchiga g’alati sensorlar o’rnatilgan qulaygina shippaklarni oyog’imga ilganimdan so’ng, qolgan moslamalar bilan „qurollantirilaman“: quloqchinlar, qo'l harakati sensorlari va albatta, VR ko’zoynaklari. Bunday jihozlangan va simlarga ulangan holda bir necha soniya mutlaq qorong’ulik og’ushida qolaman. Keyin boshlanadi: chiroq yonadi va men 1915 yildagi Praganing eski shahar qismiga, Gregor Zamzaning xonasiga butunlay boshqa qiyofada safar qilaman.

Gregor Zamzaning xonasi Gregor Zamzaning xonasi | Foto: Goethe-Institut

Kitob sahifasidan virtual reallikka

Kafkaning „Evrilish“ hikoyasi hasharot qiyofasida uyqudan uyg’ongan kommivoyajerning hislarini tasvirlaydi, ammo buning qay tarzda va nima sababdan sodir bo’lgani aytilmaydi. Asosiy e’tibor uning bu holatda o’zini qanday tutishiga qaratiladi: ota-onasi bunga qanday munosabatda bo’ladi? Boshlig’i nima deydi? Oradan yuz yil o’tsa-da, Kafkaning ekspressionistik hikoyasi jumboqligicha qolgan.  Pragadagi Gyote Instituti bechora Gregor Zamzaga tasavvur olamida virtual reallikda qayta hayot bag’ishlaydi.
 
„eVRilish“ loyihasi Franz Kafka asarini kitob sahifalaridan virtual reallikka ko’chiradi. Bunda qahramon Gregor Zamza emas, balki siz o’zingiz bo’lasiz“, deydi o’zining navnihol jamoasi bilan birgalikda „eVRilish“ni yaratgan rejissyor Mika Jonson.

Hashorat nima o'qiydi? Hashorat nima o'qiydi? | Foto: Goethe-Institut

Men Gregor Zamzaman

Bu chindan ham shunday: „eVRilish“da Gregor Zamza men o’zim. Jirkanch va dovdirab qolgan bir hasharotman. Borgan sari kuchayib boruvchi hayrat va yengil dahshat ila uzun, orriq, tukli, son jihatdan ancha ko’p yangi tana a’zolarimni ko’zdan kechiraman. Qornim o’rnida qalin zirh paydo bo’lgan, ko’z o’ngimda o’z paypaslagichlarim pitir-pitir qiladi.O’zimni ilk bor ko’zguda ko’rgan paytim qo’rqib ketaman. Eshik ortida otam meni so’ka boshlaydi: “Gregor… Gregor, eshikni ochsang-chi!”.
 
„Aynan Gregorning xonasi „eVRlish“ da eng esda qolarli narsa. Aynan o’sha xona loyihani betakror qiladi“, deydi „Achtung4“ firmasi xodimi Vojtek Jankovski. „Biz hikoyani ikir-chikiriga qadar o’rganib chiqishimizga to’g’ri keldi. Kafkaning tasvirlashlari asosida Gregorning xonasining aniq tafsilotlarigacha aks etgan modeli yuzaga kelgan.“ Hamma narsa huddi hikoyadagidek: kitoblar turgan yozuv stoli, oq metal karavot, devordagi gulqog’oz, jomadon yohud Surau qishlog’idan keltirilgan qog’oz uchun bostirma“. „Yechim topishga qiynalgan paytimizda bizga Frants Kafka jamiyati yordam berdi. Gregor Zamzaning stolida yotgan kitoblarni o’sha vaqtlarda Franz Kafkaning o’zi o’qigan“, deydi Jankovský o’z gaplariga qo’shimcha qilgan holda.

Virtual reallikning ma’naviy otasi

„eVRilish“ Kafkaning yangi, namunaviy biografiyasi muallifi Rayner Shtaxning virtual ekskursiyasi bilan to’ldirilgan. Muallif nafaqat sizni Kafka asarlari bilan tanishtiradi, balki uning virtual reallik technologiyasining ma’naviy otasi ekanligini isbotlab beradi. „Kino san’atining chinakam shinavandasi hamda stereoskopik tasvirlarning tomoshabini sifatida, Kafka bir kun kelib, ikki o’lchamli tasvir mekansal effektlar bilan birlashib ketib, yangi xayoliy reallik paydo bo’lishini tasavvur qilgan“, deya izoh beradi Shtax.