Sayohat Kyolnda faqat mahalliylar qiladigan 8 narsa

Kyolnliklar shunday deyishadi: „Uy – Kyoln ibodatxonasi turgan joy“. Lekin bu degani, faqat mashxur obidani ko’rish uchun bu shaharga borish kerak degani emas aslo. Mahalliy aholi shaharni gotika usulida qurilgan bahaybat bino uchun emas, balki boshqa ancha oddiyroq joylar va urf-odatlar yaxshi ko‘rishadi.

Belgiya Kvartalida Shoping

Hohe Straße ko‘chasi, Kyoln shahrining eng asosiy shoping ko’chasi bo’ylab sayr odamni bir-necha daqiqadayoq charchatib yuboradi: turistlar to’dalari, ko’cha musiqachilarining jo’shqin ijrosi, kiyim kiyib ko’rish joylariga nihoyatda katta navbatlar. Aynan shuning uchun kyolnliklar bu sayyohlar jannatini chetlab o’tishga urinishadi. Unda qayerda u-bu narsa sotib olsa bo‘ladi? Kyolnlik dizaynerlarning ishlarini olish uchun eng yaxshisi Belgiya kvartaliga borish kerak (Belgisches Viertel, metro bekati „Friesenplatz“). Bu yerda „Good morning, Cologne“ degan yozuvli jajjigina futbolkalarni, 90-chi yillardan qolgan „eski moda“ kiyim-kechaklarini, neon chiroqli osma yozuvlar va shaharga sevgi izhorlari yozilgan bahaybat plakatlarni topsa bo‘ladi. Agar omad kulib boqsa, bu yerga „Le Tour Belgique“ kuni kelib qolishingiz mumkin – bu kuni kvartalning barcha do’konlari, qahvaxonalari va atelyelari kechki soat 10 gacha ishlaydi. Chegirmalar, do’konlar ichida konsertlar va yoqimli sovg’alar har yili faqat ikki marta – bahorda va kurza bo’ladi. Shopingdan keyin mahalliy kafelarga kirishga arziydi. Misol uchun, „Heilandt“ qahvaxonasida (Bismarckstrasse ko‘chasi 41-uy) shu yerning o’zida qovurilgan qahvani xarid qilib olsa bo’ladi.

Rudolfplatz maydonida kechki ovqat va yangi tanishlar

Meet and Eat © Meet and Eat Meet & Eat – mahallilar bilan biroz gurunglashish uchun eng qulay imkoniyat. Bu oziq-ovqat ixcham festivali payshanba kunlari soat 16:00 boshlab Rudolfplatz maydonida o‘tkaziladi. Festival o’tkazilmasligining yagona sababi – yomon ob-havo xolos. Shuning uchun Facebook  xuddi shu nomdagi jamoadagi yangiliklarni kuzatib borish kerak. U yerga ovqatlanish uchun emas, balki ko’pincha yangi tanish orttirish uchun borishadi, shuning uchun notanish odamlar oldiga bemalol o’tirib suhbatni boshlayvering!

Muzqaymoq uchun navbat

Schlangestehen für Eis © Goethe Institut Moskau \ Ksenia Safronowa Xattoki Germaniya futbol jamoasining sobiq a’zosi Lukas Podolskining shaxsiy muzqaymoq kafesi - Ice Cream United (Brüsseler Str. 71) - bor shaharda navbatlar bo’lmasligi kerak. Lekin „Schmitz“ kafesini (Aachener Str. 28) muzqaymoqni eng ko’p kutganingiz uchun eslab qolasiz. Bu joyning o’zi nimasi bor? Qulay joylashganligi, baland musiqasi va g’ayrioddiy ta’mlari: nokli marsipan, lola-qizg’aldoq, popkorn bo’lakchalari… Muzqaymoq to’pchasi uchun umringizning yarim soatini sarflashni xohlayotgandirsiz?

Bar-Hopping O'rniga Kiosk-Hopping

Yoz kunlari yaxshi ob-havo bo’lgan payt Kyolnda bar ichida o’tirishning o’zi qandaydir g’alati narsa, yaxshisi birorta ichimlikni o’zingiz bilan olib … kioskma-kiosk yurish kerak. Bu oddiy do’konlar emas! Bu yerda kichik o’tirishlar, kraft pivo sotishadi, so‘ya sutida tayyorlangan qahva va xattoki portugal pishiriqlar. Hammasi kioskning o’ziga bog’liq. Chlodwigplatz va Brüsseler Platz maydonlari – bu antiqa tungi odat bilan tanishishni boshlash uchun eng qulay joyi. Ha, Kyolnda kiosk-hopping, ya‘ni kioskma-kiosk yurish degan tushuncha haqiqatan ham bor.

Tungi Bozor

Bazar De Nuit © Bazar De Nuit Agar bar yoki kiosk va barlarga borishni umuman istamasangiz, tungi „eski-tuski narsalar bozoriga“ boraqoling, u yozda deyarli har haftaning oxirida o’tkaziladi. Eng qiziqarli bozorlar – Ehrenfeld tumanida: „Bazar de Nuit“ deb atalgan bozor „Odonien“ klubi (Hornstr. 85) xududida va „Nachtkonsum“ bozori xar doim xar xil joyda o‘tkaziladi.  Bunday bozorda nima olsa bo‘ladi? Eski kiyim-kechak, mahalliy dizaynerlarning narsalarini Belgiya kvartalidan arzonroq narxga, o’zgacha ichimliklar va gazaklar. „Tungi“ degani bozor tong o’tgunga qadar ishlayidi degani emas: u soat 11 dayoq tugaydi.
 
Ertalab yettida turishni yoqtiradiganlarga Lindenthal tumanida joylashgan „Stadtwald“ deb ataladigan shahar o’rmonidagi bozor xush keladi, bu bozor shanba kunlari tushlikkacha ishlaydi. Bu yerda yaqin atrofda o’stirilgan maxsulotlar, yangi terilgan meva-sabzavotlar va boshqa bio-xursandchiliklarni xarid qilish mumkin.

O'tirishdan keyin sog'lom nonushta Bowl im Edelgrün Bowl im Edelgrün | © Goethe Institut Moskau \ Ksenia Safronowa

Yakshanba kunlari „Healthy“, „Grün“ va „Raw“ old qo’shimchalari bor kafelarda odam limmo-lim. Shanba kechasi bo’lgan o‘tirishdan keyin xipster va migrantlar tumani bo’lmish Ehrenfeld tumanida joylashgan biror restoranda smuzi ichish yoki boul ichimligini tatib ko’rish uchun ayni payt.  Masalan, „Edelgrün“, „cafecafe“, „Café Schwesterherz“, „Laden 1/3“ larda. Ularni topish qiyin emas, hammasi Venloer Straße ko’chasida joylashgan. Xuddi shu ko’chada eng zo’r novvoyxonalarning biri – „Zeit für Brot“ – ham joylashgan.
 
Bunday nonushtadan keyin galereyaga borsa bo’ladi, biroq hamma taniydigan Lyudvig muzeyiga yoki „Farina-Haus“ duxilar muzeyiga emas, balki Valraf-Rixarts muzeyiga (Obenmarspforten 40), bu yerda mashxur ustoz rassomlar – Dyurer, van Gog, Renuar va Rembrandt asarlari bor. Yakshanba kunlari o’tkaziladigan ekskursiyalarda muzeyga kelganlarni butun muzeyda aylantirishmaydi, faqat bir-necha asarlarni ko’rsatishadi. Bu keng va salqin galereya, bu yerda jazirama issiqdan jon saqlash va rassomchilik haqida ko’pgina qiziqarli faktlarni bilib olish mumkin.

Velosipedlar va Karnavallar

Fahrräder Köln © Goethe Institut Moskau \ Ksenia Safronowa
Va, nihoyat, Kyolnda ikkita odat bor, ular faqat mahalliylar izmiga bo’ysunadi: velosiped minish va karnaval nishonlash. Birinchisi bir-necha kunga velosipedni ijaraga olmoqchi bo’lgan turistlar uchun haqiqatan ham xafvli bo’lishi mumkin. Velosiped yo’llari har joyda mantiqan qurilgan deb bo’lmaydi, qolaversa Kyolnda – velosiped minish usuli o’zgacha: dag’al va impulsiv. Agar velosiped mingingiz kelayotgan bo’lsa, daryo bo’yidagi ko’chada minganingiz yaxshi.
 
Ikkinchisini, ya’ni karnavalni, tushunishga urunishga ham arzimaydi: chunki bu faqat Kyoln zaminida tug’ilganlarga in’om qilinadiganga o’xshaydi. „Yilning beshinchi fasli“ deb atalgan bu qadimgi an’ana yoki ko’cha sayrlari „Buyuk post“ (ro‘za) boshlanishidan oldin nafaqat Kyolnda, balki boshqa shaharlarda ham bo’lgan. Tasavvur qiling, har yili ikki marta (karnaval fasli 11 noyabr kuni ochilishida va bayram dushanbasi, Rosenmontag kunida) shahar ulkan bayramga aylanadi, markaziy ko’chalarida masqarabozlarcha kiyinib olgan mast olomon yuradi.

Bu maqola „Deutsche Welle“ rus tahririyati bilan hamkorlikda tayyorlandi. Birgalikda yaratilgan safarlar ruknida biz muntazam ravishda Germaniyanig borishga arzigulik joylari hamda oddiy turistday sezmaslik uchun nima qilish kerakligi haqida maqolalar yozib boramiz.


MUALLIF

Kseniya Safronova – „Deutsche Welle“ (Nemis to’lqini) rus tili tahririyatining madaniy sharhlovchisi.

Tarjima: Ravshan va Shoxista Sultanovlar