Yozuvchilar rezidentsiyasi” dasturi Braziliyada
Axlat tashuvchi o'z chanqog'ini qondirar edi

Yozuvchilar rezidentsiyasi” dasturi doirasida Gyote Instituti, Germaniya adabiyoti jamg'armasi va Fluminense Federal Universiteti nemis mualliflariga mahalliy adabiy sahna bilan tanishish uchun Rio-de-Janeyroda to'rt hafta bo'lish imkoniyatini beradi. "Goethe aktuell " uchun maxsus, rezident Anne Veber o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

Teskari olam

Braziliyada hamma narsa teskari, janub shimolda, shimolga qarab yurganingiz sayin harorat ko'tariladi – noyabrda kunlar uzayadi, va men nemis tilida gapirishga harakat qilsam, fe'l, ehtimol, gapning oxirida emas, boshida kelsa kerak. Ilk tuyg'u – taassurotlar qurshovida qolish. Rio noz-firoq ila qirg'oq bo'ylab sayr qiladi, osmono'par binolar osmonni emas, balki erinibgina shaharning qornini qashiydi. Daraxtlar daraxtlarni qamrab, boshqalarining tanasini baayni ikkinchi teri misol o'rab oladi. Orxideyalar osilgan joylarida, ko'chaning duch kelgan qismida daraxt tanalari uzra o'saveradi.
Fregat qushlari yerga muhtoj emas, havoda oylab muallaq suzishgani suzishgan, bu ulkan, engil varraklar oylab qo'nim bilishmaydi. Rioning sokin kvartali Ursada men istiqomat qilayotgan xonadondan uzoq bo'lmagan joyda Praia Vermeladan boshlanuvchi soya-salqin ilang-bilang so'qmoq qirg'oq bo'ylab o'tgan. Yo'l chetida, xuddi o'zimizda bo'lgani kabi, qushlarni kuzatish yoki sayr uchun mo'ljallangan o'rmon so'qmoqlarida uchraydigan taxtachalar bor, ularda bu erda uchrashi mumkin bo'lgan ayrim hayvon va o'simliklarning ro'yxati berilgan. Ularning orasida bo'g'ma ilon ham bor. Men ushbu belgiga ikkinchi kuni duch keldim. Bu qanday davlat-a! Mana shu erda, shaharning qoq markazida, mana shu so'qmoqdan bir necha qadam narida, Boa iloni yashasa-ya! Keyinchalik, Belemda, Amazon daryosining dengizga quyiladigan qismida universitetdagi tadbirga qatnashgan talabalardan biri menga timsoh go'shtining mazasini ta'riflab berdi. Yigit uzun bo'yli, kuchli. ko'rinishidan juda sog'lom va jismonan baquvvat bo'lib, qalin soqoli orasidan oppoq tishlari ko'rinib turardi. Uning aytishicha, u aslida jurnalist bo'lib, endi iqtisodiyot yo'nalishida tahsil olmoqda edi. Bu erda jurnalistlar timsohlarni tanovvul qiladi! Bizning jurnalistlarimiz va yozuvchilarimiz timsoh go'shtini yeyishganidami, qanday maqola va romanlar paydo bo'lishi mumkin edi-ya? Afsuski, buni o'zimda sinab ko'rish imkoni paydo bo'lgunga qadar ketishim kerak bo'ldi.


Tungi Kopakabana Tungi Kopakabana | Foto: Anne Weber

Mening shaxsiy qo'rquv shkalam

Menda qo'rquv bor edi, albatta. Rostini aytganda, jo'nab ketishdan oldin qattiq qo'rqdim. Bu qo'rquv tanishlarimning gap-so'zlari, elchixona va Paster Institutining internet sahifalari tufayli paydo bo'lgandi. Mening shaxsiy qo'rquv shkalamda, tan olishim joizki, menga havf tug'dirish darajasiga ko'ra uch xil qo'rquv bor edi: talonchilik, chivinlar (barcha turdagi viruslar + bezgak), og'ir siyosiy vaziyat. Talonchilik masalasiga to'xtalsak: o'z aybim bilan biror narsani unutib qoldirganimni inobatga olmaganda, hech narsam yo'qolmadi. Chivinlarga kelsak: bitta-yarimtasi duch keldi, hatto chaqishdi ham, biroq Yevropa chivinlaridan farqli o'laroq, ular chaqqan joy hatto qichishmadi ham. Uchta ishlatilmagan hasharotlarga qarshi sprey bilan uyga qaydtim. Siyosiy qo'rquvlar haqida gapiradigan bo'lsak: 2018 yilning birinchi dekabrida Parijga qaytarkanman, qalbimda g'alati tuyg'u bor edi, men o'zimni tinch mamlakatdan fuqarolik urushi holati hukm surayotgan Frantsiyaga qaytgandek his qildim. Tabiiyki, bu taassurotlar gazeta xabarlarida keltiriladigan haqiqatga mos kelmaydi. Braziliyada har kuni ko'plab odamlar o'ladi. Siyosiy vaziyat mavjud. Denge va sariq isitma bor narsa. Lekin mening ko'rgan-bilganlarim ham haqiqat-ku!

BRAZILIYANING ENG BOY ODAMI

Braziliadan Belemga uchadigan samolyotda "Kim millioner bo'lishni xohlaydi?" ning brazilcha talqini kompyuter o'yini sifatida taklif qilindi. Savollardan biri quyidagicha edi: Braziliyada eng boy odam kim (2012)? Mumkin javoblar: Silvio Santos, Roberto Marinyo, Eike Batista va Braziliyada eng boy odamlardan biri bo'lishdan ancha yiroq bo'lgan Lula. Biroq, uning ismini javobda keltirish yo’li bilan odamlarning qalbiga ekilgan shubha urug'idan kimlardir manfaatdor.
Kim millioner bo'lishni xohlaydi? Kim millioner bo'lishni xohlaydi? | Foto: Anne Weber Salvadorda, Rio Vermelo nomli kvartalda, chetroqda joylashgan, sokin bar oldida doimiy mijozlardan bir nechtasi o'tirishardi, ikkita musiqachi bo'lsa odamlarning kayfiyatni ko'tarishga urinishardi. Ko'plab mijozlar bir-birlarini tanirdilar va bir-birlari bilan suhbatlashardilar. Shu payt, bar ro'parasiga axlat tashiydigan mashina kelib to'xtadi va undan chanqagan axlat tashuvchi sakrab tushdi. Xaridorlardan biri uni pivo bilan siylamoqchi bo'ldi, lekin Parijdagi éboueurs, ya'ni axlat tashuvchilarga nisbatan ularning ishga juda bamaylixotir yondashishlariga qaramasdan, uning bunga vaqti yo'q edi. Shunda mijoz unga o'zining to'la krujkasini uzatdi, axlat tashuvchi undan ichib, minnatdorchilik bildirdi va yo'lida davom etdi. Bunday narsalar mumkin bo'lgan mamlakatda menga umid bordek tuyuladi. Frantsiyada, Germaniyada biz demokratik tizimimiz bilan juda faxrlanamiz, ammo oramizda kim axlat tashuvchiga o'z krujkasidan ichimlik bergan? Oramizda kim shunga o'xshash hodisaning shohidi bo'lgan? Braziliyada Yevropaga nisbatan ahvol chatoqligiga menda shubha tug'ildi.

Mundo às avessas Mundo às avessas | Foto: Anne Weber