Natalya Beloedova: men yozmasdan yashay olmayman.

Natalya Beloedova
Natalya Beloedova | Goethe-Institut Usbekistan

1. Sizning shaxsingizni quyidagi gap bilan tavsiflasa bo’ladimi?

“Assalomu alaykum, mening ismim Natalya Beloyedova, men shoiraman”.
 
Yo’q, tavsiflab bo’lmaydi!  Men hech qachon o’zimni bunday tanishtirmayman. Ba’zida boshqa odamlar meni shunday tanishtirishadi, lekin men - hech qachon.

2. Shoir so’ziga ta’rif bersangiz.
 
Shoir - bu dunyoni boshqa odamlarnikidan farq qiluvchi, o’zgacha bir tarzda idrok etadigan inson. Va u o’sha boshqa odamlarga o’zining idrok tarzi haqida so’zlab berish qobiliyatiga ega. Boshqacha qilib aytganda, u ko’zga ko’rinmas dunyoni ko’rsata oladi, ajoyib va sarguzashtlarga boy sayohatga unday oladi. Ushbu sayohat ham xavfli, ham maroqli va qiziqarli, ya’ni turlicha bo’lishi mumkin.

3. She’riyat hozirgi kunda kerakmi?
 
She’riyat hamisha muhim bo’lgan va kelajakda ham o’z ahamiyatini saqlab qoladi. U erkinlik, hislarni va ritmni ifodalovchi tildir. Turli zamonlarda uning shaydolari soni o’zgarib turgan xolos. 60-yillarda shoirlarni eshitish uchun minglab odamlar stadionga kelardi. Hozirda muxlislar kichikroq zallarni to’ldiradi. Lekin adabiy jarayon davom etmoqda, u hech qachon to’xtagan emas. She’rlar havo kabidir, undan simirish esa zavq bag’ishlaydi. Balki yaqin yillarda tarix takrorlanib, she’riy-adabiy tadbirlarga tashrif buyuruvchilar soni oshar.
 
4. Gyote-Institutning “Poetry Slam” she’riyat musobaqasida qatnashganingiz haqida so’zlab bersangiz. Uning qaysi jihatlari sizga yoqdi? Qaysi jihatlarini yaxshilash mumkin?
 
Men Gyote-Institutda ikki yil oldin bo’lib o’tgan eng birinchi “Poetry Slam” musobaqasida qatnashganman. Bu ajoyib tajriba edi. Aynan o’sha musobaqada Germaniyaning taniqli shoirasi Nora Gomringer qatnashib, sahnaga chiqqan. Noraning chiqishidan so’ng biz, toshkentlik shoirlar, mahoratimizni namoyish etdik. O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi qoshidagi adabiyot seminarimizning ko’p qatnashchilari bu tadbirda ishtirok etishdi, yosh qalamkashlar ham bor edi. Musobaqa formati Toshkent adabiy muhiti uchun yangi edi. Misoli toza havo, ruhlantiradigan muhit, adrenalin. Menga bu tadbir judayam yoqdi, unga yuragimni bag’ishladim. So’nggi “Poetry Slam”da birinchi o’rinni oldim. Endi unda qatnashishni vaqtinchalik to’xtatib turishimga to’g’ri keladi deb qo’rqaman. Afsus! Sahna ham, format ham menga yoqadi. Fikrimcha, ushbu tadbir doirasidagi barcha narsa izchil rivojlanib, yangi qirralarni kasb etmoqda.

5. Toshkentning (O’zbekistonning) shoirlar davrasi haqida aytib bersangiz.
 
Shoirlar davrasi haqida? Yaxshi savol. Haqiqatdan ham Toshkentda shoirlar davrasi bor. Ikki yil oldin biz “Litera” loyihasiga asos solgandik, u Toshkent shahrining shoir va adiblarini birlashtiradi: Vika Osadchenko, Farhod Yunusov, Olesya Tsay, Kirill Grishin, Nikolay Il’in, Bax Axmedov, Marat Bayzakov va kamina, Natalya Beloyedova. Loyihada bir necha musiqachilar ham qatnashmoqda. Shuningdek, jamoamizda ajoyib didjej qiz – Yuliya Oxvat (DjYula) bor.

Biz loyiha doirasida Toshkent shahridagi turli tadbirlarda qatnashib, ta’lim muassasalariga tashrif buyuramiz, ba’zida mamlakat bo’ylab gastrolga chiqamiz. O’tgan yilning oxirida “Go Viral” festivali doirasida Olmaotaga borib keldik.
 
Hozirda Toshkentda boshqa shoir va adiblar ham samarali faoliyat olib bormoqda. Bunga shoir va musiqachi Ashot Danielyan yaqqol misol bo’la oladi.

6. Qaysi davr adabiyotini yoqtirasiz? Sevimli muallifingiz? Sevimli kitobingiz? Sharq adabiyotiga qiziqasizmi?
 
Zamonaviy nazm va nasrga mehrim bo’lakcha. Faqat ulargina biz uchun hozirgi kunda muhim bo’lgan masalalarni aks ettira oladi. Agar ibora joiz bo’lsa, ular o’z zamonasining jarchisidir.
Sevimli mualliflarim ko’p. Shoirlarni oladigan bo’lsak, Boris Rijiy, Andrey Grishayev hamda vatandoshlarimiz Sanjar Yanishev va Suhbat Aflatuni (Evgeniy Abdullayev).
Yozuvchilardan Jerom Selinjerning asarlarini barcha zamonlarda aktual va zamonaviy deb hisoblayman.
Sharq mualliflaridan yapon shoiri Basyo menga yaqin.

7. Shoir o’z makonidan tashqarida yashay oladimi (emigratsiyada)?


Menimcha, yashay oladi. Insonning ichidagi narsa muhim, dildagi aloqa, munosabat. Inson bir joyda yashashi, ammo dilida umuman boshqa bir joyga ko’ngil qo’ygan bo’lishi mumkin.

8. Nima uchun yozasiz?
 
Bu g’alati savol. Unga jo’n javobim – men yozmasdan yashay olmayman. Menga shu narsa kerak. Shu tarzda o’saman, rivojlanaman, o’z ichki dunyom va tashqi dunyoni idrok etaman.

9. Yosh qalamkashlarga qanday tilaklaringiz bor?
 

O’qish kerak, iloji boricha ko’proq o’qish kerak. Qo’lga qalam olib o’qish kerak. Belgi qo’yish, yozib qo’yish, eslab qolish, o’qilgan narsaga qaytish muhim. Masalaning mohiyatiga yetish muhim. O’zingizga savol bering: Nima uchun u yoki bu muallif muvaffaqiyat qozondi? Men ham shunga erisha olamanmi? O’z ustida tinmay ishlab, o’sish lozim.

10. Gyote-Institutning “Poetry Slam” musobaqasi bo’lajak qatnashchilariga tilaklaringiz va maslahatlaringiz?
 
Musobaqaga yaxshilab tayyorlanish kerak. Birinchi navbatda matn mazmuni, undan keyin esa matnning sahnadagi taqdimoti ustida ishlash lozim. Va eng asosiysi – hech narsadan qo’rqmaslik kerak! Zero, yurganga manzil yaqin.