Tez kirish:

To'g'ri mazmunga o'tish To'g'ri asosiy navigatsiyaga o'tish
Documenta fifteen  O'zbekistondaCollage: by @saodatismailova

Documenta 15

Saodat Ismoilova va uning "DAVRA" guruhi ishtirokchilari documenta 15 izidan ko'rgazma va ommaviy dasturlarini taqdim etadi

Batafsil

 

Oʻzbekistonlik videorassom va kinorejissyor Saodat Ismoilova nufuzli xalqaro hujjatli zamonaviy sanʼat koʻrgazmasida ishtirok etdi. Ushbu ko‘rgazma har besh yilda bir marotaba Germaniyaning Kassel shahrida bo'lib o'tadi. Bu yil ko'rgazmaning badiiy rahbari sifatida Indoneziyaning ruangrupa jamoasi ishtirok etdi.

Saodat Ismoilova Markaziy Osiyo mifologiyasida mavjud chilton fenomeni tadqiqotiga bag‘ishlangan bir necha video asarlarni taqdim etdi, shu jumladan „Bibi Seshanba“ filmini maxsus documenta 15 uchun yaratdi. Bundan tashqari, u 19 nafar Markaziy Osiyo mintaqasining yosh san'atkorlarini birlashtirgan DAVRA jamoasi tashabbuskori boʻldi. DAVRA jamoasi Kasselda 41 kunlik ommaviy dastur va maxsus tayyorlangan nashrni taqdim etdi.

Chiltonlar (qirqchilton, chilton, шілтен) 40 ta ko'rinmas muqaddas mavjudotlar bo'lib, ular hayotning og'ir davrlarida yordamga kelishadi, odamlarga yo'l-yo'riq ko'rsatish, ularni davolash va himoya qilish uchun paydo bo'ladilar. Chiltonlar hayvonlar, odamsimon mavjudotlar, tabiat hodisalari yoki o'simliklar shaklida bo'lishi mumkin. Chiltonlar haqida ma'lumotlar kam. Ular baxshilarning marosim qo'shiqlarida, dostonlarda, she’rlarda, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan og‘zaki hikoyatlarda uchraydi.
Qishki chilla paytida (yilning eng sovuq 40 kuni) DAVRA jamoasi documenta 15 ko'rgazmasi davomida orttirgan tajribalari bilan o'rtoqlashadilar va Toshkentdagi Gyote Instituti binosida o'z ko'rgazmalarini taqdim qiladilar. Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tatariston san'atkorlarning loyiha doirasida yaratilgan asarlari namoyish etiladi. Ommaviy dastur davomida Lumbung Films to'plamidan (documenta 15 ko'rgazmasi ishtirokchilarining filmlari) filmlar namoyishi bo'lib o'tadi
 
San’atkorlar haqida:
Saodat Ismoilova (Toshkentda tugʻilgan) — oʻzbek videorassomi va kinorejissyori. Toshkent Davlat San’at Instituti va Fransiyadagi Le Fresnoy milliy zamonaviy san’at maktabini tamomlagan. Uning filmlari va video installyatsiyalari Venetsiya Biennalesi, Berlinale, Rotterdamdagi Xalqaro kinofestival va boshqalarda namoyish etilgan. Saodat Ismoilovaning asarlari Parijdagi Pompidu markazi, Amsterdamdagi Stedelyk muzeyi, Qozog‘istondagi Olmaota san’at muzeyi kolleksiyalarida va shaxsiy kollektsiyalarda saqlanadi.

2022-yilda Saodat Ismoilova 59-Venetsiya Biennalesining “Orzular suti” bosh ko‘rgazmasida ishtirok etdi va documenta 15 doirasida yangi ishini taqdim etdi, buning uchun u Markaziy Osiyo rassomlarining DAVRA tadqiqot guruhini ham tashkil etdi. Ismoilova 2022-yilda Amsterdamda Eye Art & Film Prize mukofotiga sazovor bo‘lgan.

DAVRA — Saodat Ismoilova tashabbusi bilan 2022 yilda documenta 15 uchun “Chilton” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadqiqot guruhidir.
Davra jamoasi yozgi chilla paytida (yilning eng issiq 40 kuni) Kasseldagi documenta 15 zamonaviy san'at ko'rgazmasida chiltonlarni (odamlarni boshqaradigan, davolaydigan va himoya qiluvchi 40 ta muqaddas mavjudotni (ruh) qayta talqin qilishga bag'ishlangan keng qamrovli dasturi bilan ishtirok etdi. Bu tajriba DAVRAga chiltonlar kabi shakl-shamoyilni o’zgartirish imkonini beradi - buning ma'nosi guruhning ish jarayoni va uning ishtirokchilariga nisbatan ochiqligi va cheklovlardan holiligidir. DAVRA mas'uliyat va g'oyalarni teng ravishda bo'lishish uchun inklyuzivlik va bir-birini qo'llab-quvvatlash mezonlariga tayanadi.
DAVRA jamoasining tadqiqot sohasi mintaqaning moddiy va nomoddiy me‘rosini ilhom manbai sifatida o‘rganishga qaratilgan. Shuningdek, avloddan-avlodga o'tadigan bilimlarni qayta ko'rib chiqish va ularni uzatishning yangi shakllarini, shuningdek hujjatlashtirish, arxivlash va tahliliy amaliyotlarni izlash. DAVRA platforma sifatida ijodiy va tadqiqot muhitida mintaqaviy aloqalarni faollashtirishga, eng muhimi, mahalliy faollikni rivojlantirishga va bugungi Markaziy Osiyoni qayta tahlil etish jarayonlariga turtki berishga intiladi.

Sanalar va ma'lumotlar:
DAVRA qishki chilla ommaviy dasturi va ko‘rgazmasi 2022-yil 19-dekabrdan boshlanadi va 2023-yil 3-fevralgacha davom etadi.

  • Davra - Documenta 15 Foto: © Aida Adilbek