Inkubator yaralishi tarixi

Inkubatorning ilk banneri
© Goethe-Institut Usbekistan

2019-yil men mamlakatning yirik IT universitetlarida o’yinlar yaratish mavzusida ko’plab mahorat darslari o’tgandim. Ishtirokchilarning bir qismi, hattoki, o’yin yaratishga ixtisoslashgan studiyalarda ish topishga va tez fursatlarda rivojlanishga muvaffaq bo’lgandi. Shuning uchun bu usulni ko’lam va muddat bo’yicha kengaytirish, ya’ni, o’z o’yinlarini yaratish istagidagi yoshlar birlasha oladigan hamda jamoa va mutaxassislar ko’magida muayyan muddatda o’z loyihalarini amalga oshiradigan to’laqonli inkubatorni tashkillashtirish g’oyasi paydo bo’ldi. Tabiiyki, yuzaga kelgan ilk savol bu inkubatorni qayerda tashkillashtirish mumkinligi haqida bo’ldi. 
 
2019-yilning oxirida meni Toshkentdagi Gyote instituti tomonidan O’zbekistonda tashkillashtirilgan ilk GameJam tadbiriga mentor sifatida taklif qilishdi. Gyote institutining kutubxonasi bunday tadbirlarga qanchalik yaxshi mos kelishidan hayratga tushgandim. O’sha kuni aynan Gyote institutining kutubxonasi inkubator loyihasi uchun ko’ngildagidek joy bo’lishi mumkinligi haqida fikr shakllandi.
 
Loyiha g’oyasi haqida IT Park qoshidagi inkubator rahbari Farrux Maksumovga gapirib berdim, g’oya unga juda ma’qul keldi. Biz IT Park rahbariyati bilan uchrashdik va ularning qo’llab-quvvatloviga erishdik, shuningdek, biz barchamiz ushbu loyihani Gyote instituti qoshida tashkillashtirish eng yaxshi qaror bo’lishi borasida yakdil fikrda edik.
 
Men loyiha g’oyasi haqida Gyote instituti kutubxonasining rahbari Gavhar Zakirovaga gapirib berdim va bir necha haftadan keyin biz loyiha ustida ishlashni boshlab yubordik. Avval boshidan men Gyote instituti o’z kutubxonasini loyihani amalga oshirish uchun joy sifatida taqdim etishini rejalashtirgandim, lekin natijada Gyote institutining rahbariyati loyihani butunlay qo’llab-quvvatlashga, nafaqat joy ajratish, balki loyihaning asosiy xarajatlarini moliyalashtirishga ham qaror qildi. Fevral oyi boshida inkubatorning yakuniy nomi paydo bo’ldi – GameDev Goethe, biroz keyin esa shior ham yaratildi – O’z o’yiningni yarat.