Virtual reallik
Germaniyada ishlab chiqarilgan VR loyihalari

Siz bilishingiz lozim bo‘lgan Germaniyadan virtual reallik va 360 darajali o‘n loyiha.

Sun‘iy yaratilgan o‘zga olamga safar qilish muzey, maktab, reklama, marketing, jurnalizm yohud psixoterapiya sohasi bo‘lsin, hamma joyda technologiyalar bilan tajribalar o‘tkaziladi va ularni qo‘llashning yangi imkoniyatlari tadqiq etiladi. Quyida nomlari sanab o‘tilajak o‘nta firma, tashkilot va tadqiqotchilar Germaniyada virtual reallikning (VR) rivojlanishini ta‘minlashmoqda.

VR-Nerds


Kompyuter o‘yinlari va sportning uyg’unligi– bunday o‘yinlar shinavandalarining orzusi.

Hamburgda joylashgan VR-Nerds firmasi tomonidan yaratilgan VR otishma o'yinida VRdagi o'yinchilar virtual lazer to'pponchalar bilan bir-birlariga qarshi jang olib boradilar. O'yin muhiti shu qadar real o'yin maydoniga moslashtirilganki, o'yin ishtirokchilari VR ko'zoynagi orqali ko'rayotgan narsalarni, masalan, o’zlari ortida bekinib turgan ustunni his qilishlari mumkin. Barcha virtual sport o'yinlari, Tower Tag musobaqalari, VR-Nerds tomonidan aralash reallik dunyosida tashkil etiladi. VR-Nerds VR o‘yinlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, bundan tashqari Virtual Reallik va 360 daraja mavzulariga bag‘ishlangan ommabop yangiliklar portalini yuritadi.

 

gamelab.berlin


Virtual muhitda raqs tushish qandoq bo‘larkin? Xoreograf Aynav Katan-Shmid gamelab.berlin bilan hamkorlikda VRdagi shunday sahna ishlab chiqdi-ki, unda barcha raqqoslar o‘z olamlarida harakatlanadilar. Bundan avval o‘tkazilgan raqs harakatlariga bag‘ishlangan kengash doirasida ular VRdagi raqs harakatlari bilan birga professional raqqoslarning tana harakatlarini ham tahlil qilishdi. gamelab.berlin teatrshunos va faylasuf olim Tomas Lilge tomonidan 2013 yilda asos solingan Berlindagi Humbold Universitetining oliy klasteri bo‘lmish „BildWissenGestaltung“ (RasmBilimShakl) nomli sohalararo laboratoriyaning loyihasi bo‘lib, mazkur laboratoriya VR va o‘yinlar, jiddiy o’yinlar va geymifikasiya, ya’ni o’yin shakliga keltirish bo’yicha transmedial hikoyanavislik bilan shug‘ullanadi.

 

SEHSUCHT Berlin


Berlindagi „Moderat“ musiqiy guruhi o’z musiqiy klipi uchun tasavvur mahsuli bo’lmish distopik olam yaratishni istagandi. Ularning talabiga binoan, rejissyor va ijodiy direktor Meyt Shtaynfort 2016 yilda Berlindagi Produktionsstudio Sehsucht studiyasi bilan hamkorlikda  „Eslatma“ nomli 360 darajali qamrovchi animasiyani suratga oldi. Odatdagi jonli ijrodan farqli ravishda, ushbu video VRda yanada plastik qiyofa kasb etuvchi video o’yinlari ruhida yaratilgan illyustratsiyalar vositasida ishlangan. „Sehsucht“ firmasi tijorat asosida, jumladan, avtomobil sohasi uchun 360 darajali manzillar yaratishga ixtisoslashgan.

Vragments


Berlin shahridagi Vragments startapi  Fader , Deutsche Welle va Euronews bilan hamkorlikda jurnalistlarga osongina 360-darajali loyihalar yaratish imkonini beruvchi brauzerga asoslangan moslama ishlab chiqdi. Bunday turdagi kontentlarni boshqa ishlab chiqaruvchi firmalar ko’magisiz yaratish jurnalistlar uchun ulkan qadam bo’ldi. Vragments o’z xujjatli filmlari va reportajlarini ham tayyorlaydi. Vragments „Deutschlandradio Kultur“ radiokanali bilan hamkorlikda GDR havfsizlik xizmatining (shtazi) virtual tergov kamerasini yaratdi. Bu foydalanuvchilarga GDRda qo’llangan tergov usullari haqida aniq taassurotga ega bo’lish imkonyatini beradi.

WDR & ARTE


Ijtimoiy-huquqiy yo’nalishdagi WDR hamda ARTE telekanallari yot va tarixiy muhitlarni VR jurnalizmi orqali foydalanuvchilarga tanishtirishga muvaffaq bo’lmoqda. Westdeutsche Rundfunk (WDR) ning hayratga soluvchi 360-darajali olamlari ham ma’lum va mashhur. Uning Grimm-Onlayn mukofotiga tavsiya etilgan Aushvits kontslageri va Parijda sodir etilgan terrorchilik xujumiga bag’ishlangan 360-darajali xujjatli filmlari shular jumlasidan.

 

Nemis-frantsuz telekanali bo’lmish ARTE  o’z tomoshabinlarini butkul yangicha taassurotlar olamiga taklif qiladi. Ular dengiz qa’riga sho’ng’ishlari yoki Jonatan Meze va uning onasi Brigittaxonimning VRdagi chiqishlaridan bahramand bo’lishlari mumkin.

Yulia Lib


Myunchenlik VR jurnalisti Yulia Lib urush hukm surayotgan hududlardan, jumladan Suriya, Afg’oniston hamda Shimoliy Koreyadan xujjatli filmlar tayyorladi. Lib tomoshabinlarni komfort zonasidan chiqarib, ularni hodisalarning o’chog’iga boshlaydi. Uning 2016 yilda tasvirga olingan 360-darajali reportajlari orqali siz, masalan, Kongoda qarshilik harakati domidagi qishloq hayotiga sho’ng’ishingiz mumkin.

 

INVR.SPACE GmbH


VRdagi Vakken og’ir rok festivali, shouyulduz Fridrix Lixtenshteyn ishtirokidagi virtual installyasiya, Berlindagi Siyosiy Go’zallik Markazining „Qochoqlarni yeyish“ nomli 360-darajali san’at loyihasi – bu kabi interfaol videolar, har xil turdagi VR hamda 360-darajadagi tasvirlar Berlinda joylashgan INVR.SPACE firmasi tomonidan ishlab chiqariladi. Yulia Lib kabi virtual reallik jurnalistlari, shuningdek, nashriyot va film studiyalari INVR.SPACE yordamida o’z loyihalarini amalga oshiradilar. Yangicha, qamrab oluvchi kamera technologiyalari va dronlar vositasida amalga oshirilgan loyihalari uchun ushbu firma 2018 yilda Germaniya Dizayn mukofoti bilan taqdirlandi.

Frank Shtaynikke


2014 yilda 24 soat davomida butunlay virtual olamga sho’ng’igan Frank Shtaynikke jahon rekordi o’rnatishga urinib ko’rdi. Ushbu tajribadan so’ng u ko’ngil aynishidan aziyat chekdi. Shu qadar qattiq toliqqanidan, baayni samolyotda olis safar qilgandek bo’ldi, xabar beradi Hamburg Universiteti Odam va Kompyuter muloqoti yo’nalishi professori „Süddeutsche Zeitung“ gazetasiga bergan intervyusida. Frank Shtaynikke Germaniyada VRni, kompyuterlar orqali yaratilgan realliklarda insonlarning sezish qobiliyatini tadqiq qilish bo’yicha yetakchi olimlardan biri. Yaqin vaqt ichida jismoniy va virtual dunyolar orasidagi chegara barham topishiga Shtaynikkening ishonchi komil.

Egbert van Wyngaarden


O’z mazmun-mohiyatiga ega bo’lmagan texnologiya bir tiyinga qimmat. Myunxendagi Makromediya Oliy Maktabi senariy va ijodiy yozish yo’nalishi professori va sohalararo tizim hisoblanmish „Transmedia Bayern“ning asoschisi Egbert van Wyngaarden ayni shu yo’nalishda ijod qiladi. Van Wyngaarden qamrab oluvchi hikoyanavislik va VR imkoniyatlarini o’rganadi. Masalan, o’yin va filmlarning o’zaro birlashib ketishi mumkinligi ustidan tadqiqot olib boradi.

Fraunhofer Virtual Reality Solution Center


Gap sun’iy yaratilgan olam haqida ketganda, maxsus uskunalar va qurilish texnologiyalarini yaratuvchi Frauenhofer Instituti qoshidagi VR Yechimlar Markazini( Virtual Reality Solution Center des Fraunhofer-Instituts) tilga olish shart: markaz sanoat ishlab chiqarish jarayonlari, aytaylik, avtomobil sanoati uchun 3D uskunalaridan tashqari, vizualizatsiya usullari va tezkor prototiplash usullarini yaratadi. Ular dastgohlarning dizaynini to’laligicha virtual reallikda yaratib, keyin ishlab chiqaradigan yechimlar ustida ish olib boradi.