Hamkorlik
Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga

“So‘g‘diyona” xalq cholgʻu asboblari kamera orkestri
© Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi

XXI asr: madaniy hamkorlikning innovatsion shakllari: O‘zbekiston – Germaniya (Gyote-Institutining 70 yilligiga)

Odamlarning o'zaro aloqa va muloqotga bo'lgan istagi har doim turli yo'llar va imkoniyatlarni izlashga sabab bo'lgan. Mamlakatlarning geografik joylashuvi, tili va diniy to‘siqlari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, birga bo‘lish, bir-birini tushunishga, yaqinroq bo‘lishga intilish istagi jamiyatni muloqot va o’zaro bilishning yangi shakllarini yaratishga yo‘naltirdi.

Germaniyada yangi ta'lim madaniy-ma'rifiy muassasasiga nomi berilgan buyuk nemis shoiri va davlat arbobi Iogan Volfgang fon Gyote o‘zini dunyo fuqarosi deb bilgan, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq qolgan.
Aynan shu sabab 1951 yilda, ikkinchi Jahon urushidan olti yil o'tgach, Myunxenda Germaniya Akademiyasining vorisi bo’lmish Gyote-Instituti tashkil etildi. Bu, ayniqsa, urushdan keyingi davrda mamlakat imiji va yangi tashkilot uchun katta ahamiyatga ega edi. Dastlab nemis tilini o‘rganish, madaniy tadbirlarni qo‘llab-quvvatlash asosiy vazifa edi.

Ammo 1950-60-yillarda mustaqil davlatlarning paydo bo'lishi bilan Gyote-Instituti o'z faoliyat doirasini kengaytira boshladi va u erda o'z filiallarini ochdi. 1960-yillarning boshlarida Germaniyadan tashqarida bo’lgan barcha davlat madaniyat muassasalari Gyote-Instituti tarkibiga kirdi. Shundan so‘ng institutning vazifalari qatoriga boshqa davlatlar bilan madaniy hamkorlik ham kirdi. 1989 yilda Temir pardaning qulashi bilan Gyote-Instituti Sharqiy Evropada ko'plab filiallarni tashkil etib o'z faoliyatini kengaytirdi. Mamlakat birlashgandan keyin sobiq GDR hududida ham institut vakolatxonalari paydo bo'ldi.

Turli mamlakatlarda faoliyatining faollashuvi bilan Gyote-Instituti madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtirishga yanada ko'proq ahamiyat bera boshladi. Hozirda Gyote-Instituti fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va nizolarning oldini olishga alohida e’tibor qaratmoqda. 2016-yildan beri Gyote-Instituti Veymarda har ikki yilda bir marta “Madaniyat simpoziumi” festivalini o‘tkazib kelmoqda, unda global muammolar va dadil innovatsion g‘oyalar muhokama qilinib, xalqaro madaniy almashinuvga turtki bo‘lmoqda.

O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo madaniy kelishuvga ko‘ra, Gyote-Instituti 1998-yil avgust oyida Toshkentda tashkil etilgan. Ushbu muassasa tashkil topganidan buyon o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda madaniyat va ta’lim yo‘nalishida turli tadbirlar o‘tkazib kelmoqda. Muassasaning birinchi direktori doktor Elizabet Lattaro edi.

Gyote-Institutining nemis tilini o'rganish bo’yicha faoliyati boshlang'ich va o'rta ta’lim maktablarda, shuningdek, kattalar uchun oliy ta'limda nemis tilini o'qitishni qo'llab-quvvatlashga  qaratilgan tadbirlarni, hamda, institutning o'zida tashkil qilingan kurslarni o'z ichiga oladi. Toshkentdagi Gyote-Institutining eng muhim maqsadlaridan biri xalqaro madaniy hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashdir. Institutning madaniy dasturlar bo'limi Germaniya va O‘zbekiston musiqachilari o'rtasidagi almashinuvning tashabbuskori hisoblanadi, O‘zbekiston-Germaniya madaniy almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydi, turli janrlarda konsertlar, san’at, fotografiya, dizayn va arxitektura yo‘nalishlarida ko‘rgazma va seminarlar, kino namoyishlari, raqs va teatr tomoshalarini o‘tkazishga yordam beradi.

“So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamera orkestri Toshkentdagi Gyote-Instituti bilan uning ochilgan kunidan, ya’ni 1998 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Uning bevosita ishtirokida muassasaning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. “So‘g‘diyona” jamoasi o‘tgan yillar davomida Gyote-Instituti bilan  birgalikda “O‘zbek-Bavariya muloqoti”, “Barokko musiqasi” kabi juda qiziqarli loyihalarni amalga oshirdi.

Birinchi loyiha Bavariya Glazl kvarteti bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Uning tarkibida an'anaviy Bavariya cholg'u asboblari ijrochilari bo’lgan. Loyiha ikki yilga mo'ljallangan edi. 1998-yilda Toshkentga “Glazl- kvarteti” kelib, “Soʻgʻdiyona” orkestri bilan birgalikda “Doʻstlik” kontsertlari oʻtkazildi. Keyingi yili Gyote-Instituti tashabbusi bilan uning Myunxendagi markaziy ofisida Markaziy Osiyo xalqlari musiqa madaniyati xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi va unda “So‘g‘diyona” orkestri katta konsert dasturini namoyish etdi. Shu bilan birga, shu joyning o’zida, “CAVALLI RECORDS” studiyasida, “Glazl- kvarteti” bilan birgalikda ikki guruh ishtirokida o‘zbek an’anaviy va xalq musiqasi, hamda nemis barokko musiqasi yozib olindi. Shunday qilib, “O'zbek-Bavariya muloqoti” diski paydo bo'ldi.

2015-yilda Gyote-Instituti rahbariyatining taklifiga binoan barokko musiqasining taniqli ijrochilari “Ombra e Luce” ansambli Toshkentga keldi. Shunda “So‘g‘diyona” xalq cholg‘ulari kamera orkestri bilan birgalikda “Barokko musiqasi” hamkorlik kontsertini o‘tkazish vazifasi qo‘yildi. Besh kun davomida orkestr musiqachilari barokko musiqasini ijro etish uslubini tushunib oldilar, shuningdek, nemis instrumentalistlari - Bern Kolleli - teorbo va Georg Kalveyt - qadimiy skripka rahbarligida asarlarni o'rganishdi. Qo'shma mashqlar biz uchun o'ziga xos mahorat darslariga aylandi.

Kelib chiqishi ming yilliklarga borib taqaladigan o‘zbek xalq cholg‘u asboblari o‘zining ovozi, tembr palitrasi jihatidan barokko ijrochiligi talablariga javob berishi qiziqarli edi. O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining katta zalida bo‘lib o‘tgan konsert barokko musiqasining chinakam bayramiga aylandi. Barokko davridagi oʻzbek va nemis cholgʻu asboblari uslubiy, tembr va dinamik birlikda uyg’unlashgan. Nafaqat ijrochilarda, balki tinglovchilarda ham muqaddas harakat hissi bor edi.

Oxirgi uch yil davomida Gyote -Institut direktori Yan Xelfer tashabbusi bilan institut binosida Berlin filarmonik orkestri tomonidan turli taniqli dirijyorlar boshchiligida simfonik musiqa kontsertlari onlayn namoyish qilib kelinmoqda. Yil davomida 9-10 kontsertlar ko‘rsatiladi, ularda turli janr va davrlarning musiqalari namoyish etiladi. Tinglovchilar taniqli ijrochilarning chiqishlari bilan tanishish, shu bilan birga turli davr va janrdagi musiqalarni tinglash imkoniga ega. Har bir tinglov davomida bastakorlarning hayoti va ijodi haqida batafsil izoh beriladi. Har bir asarning kichik tahlili tinglovchilarda ular tinglaydigan musiqa haqida tushuncha shakllanishiga yordam beradi.

2020 yil buyuk nemis bastakori Lyudvig van Betxoven tavalludining 250 yilligi sharafiga uning yili deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan 9 ta dasturdan: 1- va 8-sonli dasturlari uning ijodiga bagʻishlandi. Berlin simfonik orkestrining turli vaqtlardagi kontsert chiqishlarida yozib olingan, dunyoning eng yaxshi dirijyorlari tomonidan dirijyorlik qilingan rang-barang musiqiy dastur taqdim etildi.

Covid-20 sababli kuchaytirilgan karantin choralari tufayli aprel oyidan boshlab tinglovlar Internet orqali onlayn tarzda namoyish qilindi. 2021-yil aprel oyidan yana institutning multifunksional zalida raqamli tinglovlar qayta boshlandi.

Gyote-Instituti yildan yilga madaniyat sohasidagi xalqaro hamkorlikdagi faoliyatini kengaytirib, Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o'zaro aloqalarni faollashtirish va do‘stlikni mustahkamlashga ko‘maklashib kelmoqda.


“Soʻgʻdiyona” xalq cholgʻu asboblari kamera orkestri badiiy rahbari va bosh dirijyori, professor 
Abdurahimova F.