O’zbekistondagi Gyote-Institutining bosh maqsadi xalqaro madaniy hamkorlikni rivojlantisrishdan iborat. Bu borada muassasamizning madaniyat bo’limi o’zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda madaniyat sohasida keng ko’lamli tadbirlarni tashkillashtiradi va anjumanlar, ma’ruzalar, seminarlar, asosan, zamonaviy musiqiy konsert dasturlari hamda mahorat darslari, zamonaviy san’at, fotografiya, dizayn va arxitektura sohasida ko’rgazmalar va treninglar, yangi nemis filmlari, teatr va raqs tomoshalariga bag’ishlangan kechalar uyushtiradi.
Gyote-Institutining til sohasidagi faoliyati boshlang’ich va o’rta maktablarda, shuningdek, oliy o’quv yurtlarida hamda kattalar ta’limida olmon tilini chet tili sifatida o’rganishni targ’ib qilish chora-tadbirlaridan iborat. Biz o’qituvchilarni olmon tilini o’rgatish jarayonida qo’llab-quvvatlaymiz, ularni yangi dars metodlari, imtihonlar va til o’rganish uchun imkoniyatlardan xabardor qilib turamiz.Germaniyada hayotning barcha jabhalariga tegishli yangi ma’lumotlar bilan ta’minlagan holda Germaniyaga yo’l ochamiz. O’zbekiston, Tojikiston va Germaniyada metodika, didaktika va o’lkashunoslik sohalarida malaka oshirish kurslarini tashkillashtiramiz. Bundan tashqari, Gyote-Instituti bosqichma-bosqich olib boriladigan boshlang’ich va ilg’or darajadagi til kurslarini taklif etadi. Mazkur kurslarda nafaqat tilni o’rganish, balki Germaniyadagi ijtimoiy va madaniy hayot bilan yaqindan tanishish mumkin. Barcha darajadagi til o’rganuvchilar uchun tegishli imtihonlarni topshirish imkoniyati ham mavjud.
Axborot va kutubxona bo’limi o’zbekistonlik va germaniyalik kutubxonachilar va qaror qabul qiluvchilar o’rtashida soha bo’yicha tajriba almashishni qo’llab-quvvatlash maqsadida multiplikatorlar uchun Germaniyaga sayohatlar, Germaniya kutubxonalarida ishlashga mo’ljallangan mutaxassislar safari, shuningdek, O’zbekistonda germaniyalik kutubxona mutaxassislarining seminar va ma’ruzalarini tashkillashtiradi. Olmon tilidagi manbalarning yetishmasligi muammosini olmon tili o’quv zallari, O’zbekistondagi jamoat kutubxonalarida hamkor kutubxonalar tashkil etish yo’li bilan hal etish maqsad qilingan. Hozirga qadar Toshkent shahrida o’quv zali, Andijon va Urganch shaharlarida hamkor kutubxonalar tashkil etilgan.