PASCH-O‘QITUVCHILARI UCHUN ONLAYN-TIL KURSLARIGA STIPENDIYALAR

Onlayn-til kurslari
© Goethe-Institut

PASCH-O‘QITUVCHILARI UCHUN PANDEMIYA DAVRIDAGI LOKDAUN PAYTIDA ONLAYN TIL KURSLARI UCHUN STIPENDIYALAR

Dunyoning ko’plab mamlakatlarida pandemiya davridagi lokdaun vaqtida onlayn darslar hamda uyda ta’lim olish nafaqat o’qituvchilar, balki o’quvchilar uchun ham kunlik vazifa bo’lib qolganligi haqiqatdir. O’zbekistonda biz lokdaundan onlayn malaka oshirish uchun foydalanib qoldik. “Maktablar: kelajak hamkorlari” loyihasi PASCH-maktab va litseylarining ma’muriyatiga, nemis tili, aniq va tabiiy fanlar murabbiylariga Toshkentdagi Gyote Institutining onlayn til kurslarini taklif qildi.

Yozgi kurslar uchun O’zbekiston va Tojikistondan 8 nafar direktor, 11 nafar direktor o’rinbosarlari, 5 nafar aniq fanlar o’qituvchisi hamda 21 nafar nemis tili o’qituvchisi ro’yxatdan o’tdilar. Loyihaning yangiligi – ilk marotaba maktab va litsey direktorlari hamda ularning o’rinbosarlari, shuningdek, aniq fanlar o’qituvchilari nemis tili kurslarida ishtirok etishdi, buning ustiga virtual platformada. Bu ular uchun bir nechta etapdan iborat vazifa edi. O’z o’rnida nemis tili o’qituvchilari ham A2.1-B1.2 kurslarida ishtirok etishdi. Nemis tili o’qituvchilari uchun davomiy hisoblangan maqsad – bu ularning yaxshi B2 darajasiga yetishlari hamda DLL malaka oshirish kurslarini tugatishlaridir.

Biz kurslarning PASCH-ishtirokchilaridan ayrimlari bilan intervyular o’tkazdik:

  • Nimaga bu onlayn-kursda qatnashishga qaror qildingiz?
  • Onlayn darsdan o'zingiz uchun qanday tajriba orttirdingiz?
  • Ushbu onlayn-kursni boshqalarga ham tavsiya qilgan bo'larmidingiz?
  • Nemis  tilida  qaysi   bilim   darajasiga   erishmoqchisiz?
  • Onlayn   til   kursi   qatnashchisi    sifatida   qanday   muammolarga   duch  kelish   mumkin? (misol uchun, vaqt yetishmovchiligi, uy va ish o'rtasidagi muvozanat, ish joyi va b.)

Shuningdek, biz PASCH-ishtirokchilari uchun bir necha marta kurslar o’tkazgan Sayyora Turakulovaga ham bir nechta savollar berdik:
  • Kurs boshlovchisi sifatida oddiy darsdan onlayn darsga o’tish Sizga qanchalik oson bo’ldi?
  • O’qituvchi va o’rganuvchiga nisbatan onlayn darsning qanday ijobiy taraflari mavjud?
  • Nemis tili darsining digital formatga o’tishidan Siz nimalar kutayapsiz?
  • Kuzda o’quv yili qanday tus olishi hanuz noma’lum.
Bizning o’qituvchilarimiz sentyabr oyiga yaxshi tayyorlanib, qadam bosayaptilar va bundan keyin ham Gyote Institutining onlayn til kurslari hamda onlayn dars mavzusidagi malaka oshirish seminarlari ko’rinishidagi ko’magini oladilar.
 
Interview mit Herrn Akmaljon Kudratov, dem Leiter des PASCH-Lyzeums in Karschi
© Privat
 
Akmaljon Qudratov, Qarshi shahridagi PASCH-litseyi direktori bilan suhbat
 
Nimaga bu onlayn-kursda qatnashishga qaror qildingiz?
Nemis tilini men o’z ona tilimdek yaxshi ko’raman. Maktab paytlaridanoq men bu tilga qiziqqanman. Birinchidan, nemis tilini o’rganish orqali men nemis xalqining tarixi va madaniyati bilan tanishaman. 

Sizga ma’lumki, men rahbar bo’lib turgan litsey 2013-yildan beri Toshkentdagi Gyote Institutining PASCH (Maktablar: kelajak hamkorlari) tashabbusi bilan uzviy aloqada hamda u bilan hamkorlik qiladi. Aynan shu menda ko’proq o’qishga va nemis tilini yaxshiroq eggalashga ishtiyoq uyg’otadi. Hamkorlik sababli germaniyalik mutaxassislar bilan ko’plab tadbirlar, kechalar, uchrashuvlar, mahorat darslari hamda seminarlar o’tkaziladi va men litsey direktori sifatida ularga o’z hurmatimni ko’rsatish uchun ular bilan nemis tilida muloqot qilishga harakat qilaman. Ikkinchidan, hozirgi zamonamiz direktorlardan kamida bitta chet tilini egallashni talab qilayapti, buning uchun ham o’z kelajagim uchun men nemis tilini o’rganishni boshladim. Rahbar sifatida o’z ish joyimni bir oy muddatga tashlab keta olmasligim bois onlayn kurs buning uchun menga yaxshi imkoniyat bo’ldi. Bu sababdan men Gyote Institutiga, PASCH loyihasiga, ayniqsa Yelena Yankovich va Sabohat Rajabovalarga menga taqdim qilingan bu imkoniyat uchun o’z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Onlayn darsdan o'zingiz uchun qanday tajriba orttirdingiz?
Onlayn kurs davomida men o’z tajribamni ancha kengaytirdim. O’qish paytida men yana bir bora Gyote Institutida malakali o’qituvchilar ishlashiga amin bo’ldim. Homid Rahmonov, Artikoy Safarova, Ilnur Shagiahmedov kabi ko’plab malakali o’qituvchi va tutorlar bilan tanishganimdan juda hursandman. Ularning darslari yordamida men nemis tiliga o’zim uchun yangi dunyo kashf qildim. Har safar shunchalik ko’p yangi bilimlar olamanki, ularni litseydagi boshqa hamkasblarim bilan ham bo’lishaman. Kursda har safar qatnashganimda do’stlar safi ham kengayadi. Ular bilan tez-tez muloqotda bo’lib turamiz. Orttirgan tajribalarimdan yana biri – bu nemis tilida og’zaki nutqimning yaxshilanishi. Avvalari men unda gaplashishga qo’rqar edim, bu menga qiyin bo’lar edi. Agar biror xatoga yo’l qo’ysam bu mening tarafimdan juda xunuk bo’ladi, deb o’ylar edim. Hozir esa malakali va professional tutorlar yordamida men xatolar bilan bo’lsa-da erkin gapirishni boshlayapman. Muloqot payti o’zimni erkinroq sezib, endi qo’rqmayapman.

Ushbu onlayn-kursni boshqalarga ham tavsiya qilgan bo'larmidingiz?
men bu kurslarni o’zim unda qatnashib boshlagandan buyon litseydagi murabbiy va o’quvchilarga tavsiya qilib kelaman, chunki bu kurslardagi ishtirok ularning foydasiga, deb hisoblayman. Mening tavsiyamdan so’ng o’rinbosarlarimdan biri A1 kursida qatnashdi, yana biri qatnashish istagida. Bundan tashqari, ayni paytda 3-4 nafar o’quvchimiz A2 onlayn kursida qatnashyapti, uch nafar nemis tili o’qituvchisi esa C1 darajasida onlayn kursda ishtirok etish niyatidalar.

Nemis  tilida  qaysi   bilim   darajasiga   erishmoqchisiz?
ancha murakkab bo’lsa-da, men B2 darajasiga erishmoqchiman va mening bu maqsadim amalga oshadi, degan umiddaman.

Onlayn   til   kursi   qatnashchisi    sifatida   qanday   muammolarga   duch  kelish   mumkin? (misol uchun, vaqt yetishmovchiligi, uy va ish o'rtasidagi muvozanat, ish joyi va b.)
Kurs onlayn o’tkazilayotganligi bois ayrim mayda qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin, chunki chet tili o’rganayotganda hamma bilan birgalikda bir xonada o’tirib, o’qituvchi va boshqa qatnashchilar bilan muloqot paytida vizual aloqa o’rnatish maqsadga muvofiq. Bunday sharoitda tilni tezroq o’rganish mumkin. Ammo baribir har bir narsaning ijobiy taraflari hamda kamchiliklari bo’ladi. Mening bu kursda ishtirok etishim uning onlayn bo’lgani uchun mumkin bo’ldi – aksi taqdirda men unda qatnasha olmasdim, sababi rahbar sifatida joyimda turib qiladigan ishlarim juda ko’p. Baxtimga ayni paytda kurslarda ishtirok etish uchun imkonim ko’proq. Bu imkoniyatdan men unumli foydalanaman va nemis tilini chuqurroq egallamoqchiman. Onlayn kurs paytida men umuman muammoga duch kelmadim. Ayniqsa menga Zoom ilovasidagi haftasida ikki-uch marotaba o’tkazilgan darslar ma’qul bo’ldi. Ular men uchun juda qiziqarli va foydali o’tdi. Bu bilan birgalikda istaganingizcha savol berishingiz mumkin, chunki tutorlarimiz kun-u tun bizga yordam berishga shay edilar. Ular barchasini aniq va keng yoritib beradilar. Buning uchun men ulardan minnatdorman. Agar kimdir chet tilini o’rganmoqchi bo’lsa, bu uning o’ziga bog’liq. Xohlagan qila oladi. Agar rostdan ham istasak, har doim ishtiyoq topiladi. Agar chet tili kelajak uchun muhimligini anglab yetsak, juda band bo’lsak ham, hech narsa bizning ishtiyoqimizni to’xtata yoki yo’q qila olmaydi.
 
Interview mit Frau Saodat Kudratova, Informatiklehrerin in der PASCH-Schule Nr. 4 in Buchara
© Privat
Saodat Kudratova, Buxoro shahri 4-sonli PASCH-maktabi informatika o’qituvchisi bilan intervyu
 
Nimaga bu onlayn-kursda qatnashishga qaror qildingiz?
Mening sinfimdan  2  o`quvchim   Sayfullayeva  Sabrina   va   Sharipov   Mirfayz  nemis tilini o’rganib, ikkalasi  ham  Germaniyada   bilimini   oshirib  kelishga  muyassar  bo`ldi. 
 
Bu  nafaqat   menda,  balki   ko`pgina  o`quvchi  va  o`qituvchilarda  katta  qiziqish  va  nemis  tilini  o`rganishga  havas  uyg’otdi. Undan  tashqari  o`tgan  yili    avgust   oyida   Gyote-Institut  tomonidan  tashkil  etilgan   aniq  fanlar  bilan  Tandem  darslarni  tashkil  etish  bo`yicha  o`tkazilgan  seminarda  qatnashdim , ushbu   seminar  menda  katta   tassurot  qoldirdi. Men  maktabda   nemis   tili   fani  o`qituvchilari   G’afurova   Shafoat  va   Hojiyeva   Naziralar  bilan Tandem  darslar  o`tdim. Bu   darslar   nafaqat   o`quvchilarga,  balki  o`zimga  ham  juda  yoqdi. Shu   voqealar  menda  nemis  tilini  puxta  o`rganishga  turtki  bo`ldi, meni Gyote-Institut  tomonidan   berilgan   taklifni qabul  qilib,  nemis  tilini  aynan  mana  shu  kurs   orqali  onlayn  bo`lsa  ham  o`rganishga  qaror  qilishga  undadi.

Onlayn darsdan o'zingiz uchun qanday tajriba orttirdingiz?   
Tan  olib  shuni aytishim  kerakki,  onlayn   darslarni  men   dars  sifatida  qabul  qilmasdim, toki  o`zim  mana  shu  platformada  onlayn  kurs  boshlagunimga  qadar. Bu kurs boshqa kurslardan farqli edi. Zoom dasturidagi jonli   muloqot   hammasidan   ham qiziqarliroq edi, chunki   bu  vaqtda  biz    bilmaganlarimizni  bilib  olardik, bilimlarimizni  mustahkamlab  olardik. Men  uchun  Zoomda jonli  muloqot  qilish, nemis  tilida  dialoglarni  dasturda berilgan  audioda  yozish, nemis  tilida  ijodiy  ishlar  yozish  katta  tajriba  orttirishga   sabab bo`ldi. Undan  tashqari  xatolar  ustida  ishlash  to`g’ri  tashkil  etilgan. Kimda  nemis  tilini  o`rganish   uchun   xohish-istak bo`lsa, tajribasini oshirish uchun katta mehnat qilib, materiallar tayyorlaydi. Umuman  kim  kompyuterdan  foydalana  olmasa, ularda  ham  kompyuterdan foydalanish   tajribasi ham  ortadi.

Ushbu onlayn-kursni boshqalarga ham tavsiya qilgan bo'larmidingiz?
Albatta. Barcha  fan  o`qituvchilariga, o`quvchilarga  va  kimda   nemis  tilini  o`rganish  bo`yicha xohish-istak bo`lsa, barchasiga tavsiya qilgan bo`lardim. Platformdagi barcha  tayyorlangan  materiallar   nemis  tilini   puxta  o`rganishga   qaratilgan.  Barcha  uchun  ushbu  materiallar  qiziqarli   bo`ladi, deb  o`ylayman, o`rganganlarimdan  darslarimda  foydalanaman.

Nemis  tilida  qaysi   bilim   darajasiga   erishmoqchisiz?
General bo`lishni xohlamagan soldat bo`lmaganidek,  men  ham  eng  yuqori  darajasigacha   bormoqchiman, agar  albatta  buning  uchun  menga  imkoniyat   berilsa, kuchim  va  bilimim  yetsa. Orqaga  qaytish  yo`q,  faqat  “oldinga  olg’a” shiori  ostida  harakatdaman. Menga  doimo  yangi  narsalar  bilan  shug’ullanish  yoqadi. Ayniqsa, bizning  maktabimizga  Germaniyadan  tez-tez  mehmonlar  kelib  turadi. Men  endi  ular  bilan  be’malol salomlashib, hol-ahvol  so`ray  olaman – bu  meni  juda   quvontiradi. Nemis tilini  oldinroq  o`rganishni  boshlamaganimdan juda  pushaymondaman.

Onlayn   til   kursi   qatnashchisi    sifatida   qanday   muammolarga   duch  kelish   mumkin? (misol uchun, vaqt yetishmovchiligi, uy va ish o'rtasidagi muvozanat, ish joyi va b.)
Albatta,  dars  vaqtida mashg’ulotlar  tashkil  etilganda  vaqt  muammosi  kelib  chiqishi  mumkin, umuman  tildan  yiroq  bo`lgan  o`qituvchilarda   doimiy  tarjimonlik  dasturlaridan  qo`shimcha   foydalanish  muammosi, kompyuterdan  foydalana  olmaydigan  o`qituvchilarda   Zoomdan  foydalanish   muammosi, platformadagi  vazifalarni   bajarish  va  uzatish  muammolari  kelib  chiqishi  mumkin.
Men  hech  qanday  muammoga  uchramadim  sababi  men  informatika   fanidan  dars  berganim   uchun  ovoz  yozishda, ijodiy  ishlar  yozib uzatishda   muammolar  bo`lmadi. Hatto    Zoomda dars  o`tilganda  barchasida  hech  qiynalmay foydalana  oldim. Lekin  bizning  kursdagi   10  nafar   ustozlardan  ko`pchiligining olgan  baholaridan  ko`rib  bildimki,  ular  qiyinchiliklarga  duch  kelishgan. Men  shaharda  yashayman,  menda  internet  muammosi  ham  yo`q  edi, lekin  ustozlarda  internetdan  foydalanishda  ham  muammolar   bo`ldi.
 
Interview mit Frau Saodat Kudratova, Informatiklehrerin in der PASCH-Schule Nr. 4 in Buchara
© Privat
Davron Husanov, Farg’ona shahridagi PASCH-litseyning informatika o’qituvchisi bilan intervyu

Nimaga bu onlayn-kursda qatnashishga qaror qildingiz?
Onlayn kursda qatnashganimdan maqsad, bu orqali nemis tilini o'rganib, Germaniyaga borish niyatim bor.
 
Onlayn darsdan o'zingiz uchun qanday tajriba orttirdingiz?    
Onlayn dars yordamida men katta tajriba orttirdim va u menga yoqdi. Til o'rganuvchilar uchun qulay platforma yaratilibdi.
 
Ushbu onlayn-kursni boshqalarga ham tavsiya qilgan bo'larmidingiz?
Albatta, ushbu onlayn kurs hatto uydan turib til o’rganish uchun katta imkoniyat, va men buni hammaga tavsiya qilaman.
 
Nemis tilida qaysi bilim darajasiga erishmoqchisiz?
Nemis tilida C1 darajasiga erishmoqchiman. Albatta buning uchun juda ko’p o’qib, o’rganib, harakat qilish kerak.
 
Onlayn til kursi qatnashchisi sifatida qanday muammolarga duch kelish mumkin? (misol uchun, vaqt yetishmovchiligi, uy va ish o'rtasidagi muvozanat, ish joyi va b.)
Onlayn darslarda duch kelishi mumkin bo’lgan muammolardan biri – bu vaqt yetishmovchiligi. Misol uchun, menga ham ayrimlari boshqa ishlarim tufayli vaqt yetishmay qoldi.
 
 
Firdavs Ibragimov, Samarqand shahri PASCH-litseyi nemis tili o'qituvchisi bilan intervyu
 
Nimaga bu onlayn-kursda qatnashishga qaror qildingiz?

Onlayn kurs menga yoqdi, chunki qaytadan talaba bo'lgandek bo'ldim.
 
Onlayn darsdan o'zingiz uchun qanday tajriba orttirdingiz?

Ushbu onlayn darsda hozirgi zamonaviy nemis tilida qo'llanadigan ko’plab yangi so'zlarni o'rgandim.
 
Ushbu onlayn-kursni boshqalarga ham tavsiya qilgan bo'larmidingiz?

Ha, ushbu onlayn kursni nemis tiliga qiziqishi bor barchaga tavsiya qilgan bo'lardim.
 
Nemis tilida qaysi bilim darajasiga erishmoqchisiz?
Nemis tilida C1 darajaga erishmoqchiman.
 
Onlayn til kursi qatnashchisi sifatida qanday muammolarga duch kelish mumkin? (misol uchun, vaqt yetishmovchiligi, uy va ish o'rtasidagi muvozanat, ish joyi va b.)

Onlayn kursda vaqt masalasi yetishmovchiligi va internet sust ishlashi hamda internet trafik zoom dasturida yetishmay qolayotganligi kabi muammolarga duch kelishimiz mumkin.
 

Raygul Dauletbayeva, Qoraqalpog’iston Respublikasi Nukus shahridagi PASCH-litseyi nemis tili o’qituvchisi bilan intervyu

Nimaga bu onlayn-kursda qatnashishga qaror qildingiz?

Bilim va ko’nikmalarimni boyitish, o’rganish va izlanish uchun bu onlayn-kursda qatnashishga qaror qildim.
 
Onlayn darsdan o'zingiz uchun qanday tajriba orttirdingiz?

Onlayn ishlashni o’rgandim, fikrimni bayon qilishni va yozishni o’rgandim.
 
Ushbu onlayn-kursni boshqalarga ham tavsiya qilgan bo'larmidingiz?

Ha, ushbu onlayn-kursni albatta boshqalarga ham tavsiya qilgan bulardim.
 
Nemis tilida qaysi bilim darajasiga erishmoqchisiz?

Nemis tilida C1 darajasiga erishishni xohlayman.
 
Onlayn til kursi qatnashchisi sifatida qanday muammolarga duch kelish mumkin? (misol uchun, vaqt yetishmovchiligi, uy va ish o'rtasidagi muvozanat, ish joyi va b.)

Ish vaqtida bulsa vaqt yetishmovchiligi muammo bo’ladi va bizda elektr energiyasi uzilib  qoladigan paytlar bo’lsa, vaqtida bajara olmaslik. Ayrimlari internet tezligi ham bir muammo bo’lgan.

 
Sayyora Turakulova, Toshkentdagi Gyote Instituti murabbiyi bilan suhbat

Kurs boshlovchisi sifatida oddiy darsdan onlayn darsga o’tish Sizga qanchalik oson bo’ldi?

Aslini olganda, bu metodik jihatdan ham, tashkiliy va psixologik jihatdan ham oson bo’lmadi. Metodik nuqtai nazardan oson bo’lmaganligi sababi – odatiy darsdagi amaliy topshiriqlar onlayn-fazada o’zlariga o’xshash topshiriqlar bilan almashtirilishi kerakligini doimo inobatga olish kerak edi. Bunga asosan platformadagi interaktiv vazifalar va onlayn-uchrashuvlar paytidagi boshqa mashqlar (masalan, ishtirokchi o’tirgan xonani tasvirlash, yoki ish stolidagi narsalarning nomini aytish, bunga topishmoqlar ham kiradi) xizmat qildi. Vizual idrokning ahamiyati yana ham kuchliroq oldinga surildi. Buni, shuningdek, onlayn-uchrashuvlar uchun prezentatsiyalarni tayyorlashda inobatga olish kerak edi. Onlayn dars vaqtida o’qituvchi sifatida rivojlanishga doir umumiy tasavvur hosil qilish va ko’zdan hech narsa qochirmaslik maqsadida har bir aytilgan ibora va so’zga e’tibor qaratish lozim. Kurs ishtirokchisi yana nimalar ustida ishlashi kerakligi haqida uning onlayn-uchrashuvlarda ishtiroki, yozma vazifalari va izohlari asosida xulosa chiqarishga urinish kerak. O’qituvchi sifatida ishtirokchining bitta darsdan keyin nimalar qila olishi va nimalarga erishganligi to’g’risida ko’proq o’ylaysiz. Tashkiliy nuqtai nazardan ham bunga tayyor bo’lmagan o’qituvchilarni virtual maydonda to’plash, ularga platformadagi turli instrumentlardan hamda muloqot vositalardan foydalanishni o’rgatish, ularni muloqotning ushbu yangi turiga qiziqtirish oson bo’lmadi. Platformadagi muloqot ancha oqsadi. Kurs ishtirokchilari asosan Telegram orqali muloqotni qulay deb topishdi. Ular o’z savollarini platformada yoritgilari kelmadi, aynan bu jihatdan platforma foydalanilmadi. Balki ular buning uchun biroz uyalgandir yoki eringandirlar, yoki texnik jihatdan bu ular uchun qiyinchilik tug’dirgandir. Psixologik ma’noda esa bir tarafdan, media bilan ishlashga ko’nikmagan o’rganuvchilarni platformada ishlashga qiziqtirish qiyin bo‘ldi, boshqa tarafdan, hamma odatiy, jonli muloqotni sog’ingan edi. Oddiy jonli fazada ko’rsatiladigan energiya va tuyg’ular ko’rsatilmadi, va bu har birimizni yanada uyatchanroq va muloqot uchun yopiqroq qiladi. Qolaversa, inson ich-ichidan o’zgaradi, transformatsiya, boshqa kayfiyat va yangi ish qiyofasini boshidan o’tkazadi. Qandaydir ma’noda endi o’qituvchi emasmiz, o’rganuvchilar avvalgidek bizga va bizning ishtirokimizga muhtoj emas, va tutorning bu roliga, bu yangi ongga ko’nikishimiz kerak. Yaxshi natijalari uchun o’rganuvchuilar endi o’qituvchilarini emas (ko’pchilik hisoblagani kabi), balki o’z harakatlari va omadlarini mas’ul, deb bilishadi. Onlayn o’qish paytida bu ko’proq seziladi. Endi old planda o’rganuvchining o’zi va uning o’qish jarayoni turadi. Hatto o’rganuvchilar uchun ham ularning sharqona mentaliteti tufayli bu narsa begona va yangi bo’ldi. Chunki Sharqda o’qituvchi oldida katta hurmat bilan tarbiyalanamiz va undan ko’p narsani kutamiz. Yangi o’quv shakliga o’tish, yangi rolni anglash ikkala tomon uchun ham ko’p vaqt talab etdi, va o’rganuvchilarning yaxshi natijalari tutorga ishtiyoq berdi.

O’qituvchi va o’rganuvchiga nisbatan onlayn darsning qanday ijobiy taraflari mavjud?
Onlayn dars vaqtida o’qituvchilar mediadan foydalanish ko’nikmalarini oshiradilar, ichki farqlash oldinga suriladi, murabbiylar ko’proq har bir o’rganuvchining shaxsiy imkoniyatlariga e’tibor beradilar, va bu ularga maqsadga yo’naltirilgan aniq tavsiyalar (mashqlar, havolalar) berishga ko’maklashadi. O’rganuvchini hafa qilmasdan uning xatolarini ko’rsatish mumkin, chunki o’zi haqida xulosani o’rganuvchining faqatgina o’zi o’qiy oladi.
O’quv jarayoninining kuchli shaxsiylashtirilganligi/individuallashtirilganligini kuzatish mumkin. Kurs ishtirokchilari uchun bu ijobiy bo’lishi kerak, chunki ular kerakli yordamni va o’z ishlari uchun keng xulosani oladilar. Tortinchoq o’quvchilar uchun onlayn o’qish o’zlariga ishonishlari va fikr bildira olishlari uchun yaxshi imkoniyat sanaladi. Onlayn uchrashuvlarda ishtirokchilarning har biri o’z fikrini ochiq ayta oladi. Babelium topshiriqlarida vazifani bir necha marta yozib olib, ulardan eng yaxshisini o’qituvchiga jo’natish mumkin. Agar bir vazifa bir necha marta bajarilsa, o’z-o’zini to’g’ri tanqid qilishni o’rganish mumkin. Onlayn kurs o’z-o’zini nazorat qilish imkonini bergani sababli buni ham o’rgansa bo’ladi. O’quv jarayoni uchun javobgarlikni o’quvchilar o’z zimmalariga oladilar. O’z natijalaridan xulosa qilishlari mumkin, bunga o’quv platformadagi baholash modellari imkon yaratadi. Bularning barchasi o’rganuvchilarga o’z o’quv jarayonini nazorat qilishga yordam beradi. Ularda vazifani yaxshilash, uni qaytarish imkoniyatlari paydo bo’ladi, ular yaxshi natijalar ko‘rsatish uchun ko’proq fursatga ega bo’ladilar.

Nemis tili darsining digital formatga o’tishidan Siz nimalar kutayapsiz?
O’rganuvchilar medialar bilan yaxshiroq foydalana olishlari kerak. Ularga olingan ma’lumotlar bilan yaxshiroq ishlash, mustaqil ishlashni o’rganish, o’z vaqtlarini boshqarish, jasurroq bo’lish, o’quv jarayoni uchun mas’uliyatni o’z zimmalariga olish tavsiya qilinadi. Ular o’qituvchi - sinfdagi eng muhim shaxs, degan tushunchadan ozod bo’lishlari kerak. Bundan tashqari, ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan yozma muloqot kattaroq ahamiyat aks etishi, kelajakda muloqotning eng muhim turi sifatida tan olinishi va faol ishlatilishi lozim, sababi yozma muloqotdan foydalanishning bugungi kundagi kamchiliklari onlayn o’qishga o’tishni qiyinlashtirishi mumkin.