Nyurnberg tavsiyalari
Til siyosatining ishtirokchilari

Erta yoshda xorijiy tillarni o’rganishning umumiy talablarini amalga oshirish bolalar bog’chasi, tayyorlov maktablari va boshlang’ich maktablardan tashqarida qabul qilinadigan ta'lim va til siyosati borasidagi qarorlarga bog’liq. 

Birinchi va ikkinchi chet tilini o’rganishni qachon boshlash va ularni o’qitishni qay yo’sinda tashkil etish masalalari qator milliy muassasalar va birlashmalar tomonidan umumiy manfaatlar asosida belgilanadi. Chet tilining milliy ta'lim tizimidagi o’rni va ommaviyligiga, albatta, Yevropa Ittifoqi kabi xalqaro davlatlar ittifoqi miqyosida qabul qilingan tillar to’g’risidagi me’yoriy hujjatlar ham ta'sir etadi. 

Bunday tashkilolar jumlasiga chet tili o’qituvchilari uyushmasi, ilmiy jamiyat va institutlar hamda til o’rganishni qo’llab-quvvatlovchi xalqaro miqyosda faoliyat olib boruvchi vositachi tashkilotlar kiradi va ular soha mutaxassislarining bilim va tajribalarini jalb etish orqali til va ta'lim sohasida siyosiy doira vakillari tomonidan qarorlarni qabul qilishga ishtirok etishga harakat qiladilar [1].

Siyosiy arboblar hamda soha mutasaddi xodimlari til hamjamiyatlari va til bilan bog’liq kasblarning manfaatlarini himoya qilishlari lozim. Shuning uchun ham erta yoshda xorijiy tillarni o’rganish sohasida faoliyat olib borayotgan tarbiyachilar [2], o’qituvchilar va boshqa ekspertlar o’zlarining talab va ehtiyojlarini aniq ifodalashlari va til siyosati borasidagi muhim masalalarni hal etishda faol ishtirok etishlari o’ta muhim hisoblanadi. Buning uchun masalan, soha bo’yicha uyushmalarga a'zo bo’lish, til o’rganishni qo’llab-quvvatlovchi va malaka oshirish tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatlari mavjud.
 

Tavsiyalar:

Erta yoshda xorijiy tillarni o’qitish darajasi har bir mamlakatda turlicha bo’lsada bu borada muhim sanalgan bir necha umumiy tavsiyalarni berish mumkin:

Qarorlarni qabul qiluvchi mutasaddi xodimlar quyidagilarni kafolatlashlari lozim

  • milliy va hududiy xususiyatlarni inobatga olgan holda, xorijiy tillarni o’qitish bo’yicha aniq va muvofiqlashtirilgan ta’lim rejasini ishlab chiqish.
  • til siyosati va til o’rganishni qo’llab-quvvatlovchi tadbirlarni amalga oshirish uchun aniq ustuvor yo’nalishlarni ishlab chiqish.
  • ta'limni rivojlantirish hamda o’qituvchilar malakasini oshirish uchun yetarli shart-sharoit va mablag’ bilan ta'minlash
  • islohotlar jarayonidagi chora-tadbirlarning maqsadini jamoatchilikka oshkor etish
  • qarorlarni qabul qilishda chet tillari va ularni o’rganishni qo’llab-quvvatlovchi tashkilotlarni jalb etish
  • imkon qadar barcha bolalarga erta yoshda xorijiy tillarni o’rganish uchun qulay imkoniyatlar yaratish
Chet tillari va ularni o’rganishni qo’llab-quvvatlovchi tashkilotlar quyidagilarni amalga oshirishlari lozim:
  • ta'lim siyosatiga oid muhim masalalarni hal etishda o’zlarining faol ishtiroklarini talab etish
Lingvist tarbiyachilar, chet tili o’qituvchilari va boshqa til o’qitish va o’rganish bo’yicha mutaxassislar quyidagilarni amalga oshirishlari lozim:
  • kasb va soha bilan bog’liq talab va ehtiyojlarini bayon etish va mutaxassislik bo’yicha bilimlarni birlashmalar, soha vakillari orqali til siyosatiga doir bahs-munozaralarga kiritish


Manbalar
[1] qiyoslang: Ammon (2003)
[2] mazkur matnda ham ayol, ham erkak tarbiyachilar nazarda tutilgan