Nyurnberg tavsiyalari
Erta yoshda chet tillarini o’rgatish uchun mo’ljallangan dars standartlari

«Xorijiy tillar bo’yicha umumevropa tavsiyalari» qo’llanmasining yuzaga kelishi sharofati bilan endi o’quvchining chet tilini qanday bilish holatini til bilish darajasi bosqichlari bo’yicha aniqlab tavsiflab berish mumkin. 

Ilk bora til bilish kompetentsiyasi bosqichlarining belgilangan tavsiflari yordamida o’quvchilarning o’zlashtirishlarini ta'lim maskani, maktab va diplom turlaridan qat'iy nazar ta'lim tizimi doirasida va xalqaro miqyosda taqqoslash imkonini beradigan standartlar ishlab chiqildi. Biroq, mazkur standartlarda 4 yoshdan 10 yoshgacha bo’lgan bolalarning chet tilini o’rganish masalalari inobatga olinmagan. 

Masalan, «Maslahat, ma’lumot va suhbat davrasi» (olmon tilida „BIG-Kreis“) [1] tomonidan ishlab chiqilgan ushbu yoshdagi guruhlarga mo’ljallangan standartlar 10 yoshli bola 120 soatlik dars mashg’ulotlari asosida qanday kompetentsiyalarga erishishi mumkinligi to’g’risida yo’nalishlar beradi. „BIG-Kreis“ davrasining “til bilish profillari” har qaysi chet tiliga nisbatan qo’llanilishi mumkin, shuningdek unda kommunikativ, madaniyatlararo va metodik kompetentsiya va lingvistik vositalar tasvirlangan. Shu sababli ham, u „currikula“ [2] larni (ya’ni o’quv dasturlarini – tarjimon izohi) rivojlantirish uchun asos bo’lib xizmat qila oladi. 

Boshlang’ich maktablarda chet tili darslari uchun mo’ljallangan ta'lim standartlarining bu tavsifida o’qitish usuli hamda har bir bolaga beriladigan o’quv vaqti e'tiborga olinmagan. Mashg’ulotlar sifatini aniqlash va yaxshilash maqsadida masalan, imkon qadar ta'lim jarayonidagi barcha ishtirokchilarga aloqador test uslublari ishlab chiqilmoqda va o’tkazilmoqda.

Bolalar bog’chasidan boshlang’ich sinfga keladigan bolalar maktabda o’rganilajak chet tilini qay darajada o’rganishga qodirligini bilish uchun test orqali imtihon qilinadilar. Bog’cha bolalari va boshlang’ich maktab o’quvchilari bugungi kunda masalan, maktab idoralari, maktab muassasalarining tashabbusi bilan ko’p hollarda tilni o’rganishga oid ma’lumotlar qayd etib boriladigan kundalik daftar yoki portfolio (o’quvchining shaxsiy yutuqlari to’plami – tarjimon izohi) yuritmoqdalar, bu ularning o’ziga, o’qituvchi va ota-onalariga bolaning o’zlashtirishda erishgan yutuqlari to’g’risida ma'lumot berishi lozim.
   

Tavsiyalar:

  • Boshlang’ich sinflardagi chet tili darslari bo’yicha ta'lim standartlari kurrikula (o’quv dasturlari – tarjimon izohi) shaklidagi hujjatlarga kiritilishi lozim va bu bilan u o’qituvchilarning chet tili darslari uchun poydevor yaratadi va yo’nalishlarni belgilab beradi.
  • Til bo’yicha bilim saviyasini aniqlash uslubining mazmun va shakli bolalarga mos ravishda tuzilishi lozim hamda mazmun va metodik jihatdan erta yoshda xorijiy tillarni o’rganishning tamoyillarini inobatga olishi zarur.
  • Kichik yoshdagilarga mo’ljallangan chet tili darslarida bola shaxsini har tomonlama rivojlantirish, til o’rganishga bo’lgan qiziqishni uyg’otish hamda uni saqlab qolish til bilimlari bo’yicha belgilangan natijalarga erishish maqsadidan ustun turishi lozim.
  • O’z-o’zini baholash va chetdan baholanish uzoq muddatga mo’ljallab rejalashtirilishi va bu jarayon doimo davom ettirilishi tavsiya etiladi.


Manbalar
[1] «BIG-Kreis» davrasi 1999 yilda prof. d-r. Xans Eberxardt Pifo (Hans-Eberhard Piepho) tomonidan tashkil etilgan va u Germaniya boshlang’ich maktablarida chet tili mashg’ulotlarini rivojlantirish masalalari bilan shug’ullanadi. Vazirliklar, ta'lim va tadqiqot soha vakillari hamda Germaniya davlati va o’lkalari vakillari uning a'zolari hisoblanadilar
[2] Qiyoslang. «Maslahat, ma’lumot va suhbat davrasi»ning asosiy hujjatlari (2005)