Nyurnberg tavsiyalari
Metodik-didaktik tamoyillar

Erta yoshda xorijiy tillarni o’rganishda bolaga uning yaxlitligicha va asosiy ehtiyojlarini e'tiborga olgan holda yondashish lozim. Yangi til va madaniyatni intensiv o’rganish davri bilan bir qatorda bolaga mulohaza qilish va fikrni bir joyga jamlashni rivojlantirish hamda motorik ehtiyojlarni to’la qondirish uchun “tinchlik” davrlari berilishi lozim. 

Quyida sanab o’tilgan tamoyillar darsning kechish jarayonini belgilab beradigan omillarga bog’liq, shu tufayli ular oldingi bo’limlarda aytib o’tilgan jihatlarni o’z ichiga oladi. Mazkur tamoyillarning har biri o’ziga xos tarzda xorijiy tillarni o’rganishni erta yoshdan boshlashning muvaffaqiyatli amalga oshishi uchun bir xil darajada muhim ahamiyatga ega.
  • Bola o’rganish jarayonining markazida turishi shart.
  • Tarbiyachi yoki o’qituvchi bolalarning o’qishga bo’lgan individual jismoniy va hissiy ehtiyojlari bilan tanishishi, ularni e'tiborga olishi hamda erta yoshda xorijiy tillarni o’rganish doirasida bu orqali ularning emotsional, ijtimoiy va motorik kompetentsiyalarini rivojlantirishi kerak.
  • Darsning maqsadi, mavzulari, mazmuni va o’quv shakllari bolaning dunyoqarashi va tajribalari bilan bog’liq holda ifodalanishi lozim. Ular bolaning kundalik hayoti uchun bevosita ahamiyatga ega bo’lishi va ulardan foydalanish imkoniyatini berishi lozim.
  • Bolaning rivojlanish holatiga qarab eshitilgan va gapirilgan nutq, ayniqsa dastlabki bosqichlarda o’rganish predmeti sifatida oldingi o’rinda turadi.
  • O’qish va yozish tayyorlov maktablarida va boshlang’ich maktabning dastlabki yillarida vaqti-vaqti bilan oz-ozdan o’rgatib borilishi zarur. Retseptiv jarayon produktiv jarayondan, tushunish gapirishdan, gapirish esa yozishdan oldin turadi. Imkon boricha ko’proq muddat strukturalarni o’quvchi ongiga singdirishdan voz kechiladi.
  • Til bilimlari spiralsimon progress shaklida o’rgatilishi lozim.
  • Til o’rganish mazmunini yetkazib berish bilan uzviy bog’laydigan konsepsiyalar ochiq shakldagi darslar o’tish imkonini beradi, masalan, tilni fanlararo o’rganish.
  • Bolalar guruh ichida erishadigan individual yutuqlarini inobatga olishlari va bir-birlariga nisbatan o’zaro hurmatni shakllantirishlari lozim.
  • Bolalar dars jarayonida topshiriqlarni belgilashda ishtirok etishlari lozim.
  • Ular guruh ichidagi muloqot jarayonida bir-birlarini qo’llab-quvvatlashlari kerak.
  • Yosh chet tili o’rganuvchilarning o’quv jarayoni o’yin va harakatlarga yo’naltirilgan bo’lishi kerak.
  • O’quvchilar qoidalar va ular orasidagi o’zaro bog’liqliklarni misollar yordamida o’rganishlari, taqlid qilishlari va lozim bo’lsa o’zlari ham topishlari (induktiv yoki o’zi topib o’rganish) kerak.
  • Har bir o’quvchi tipiga optimal imkoniyat berish uchun (ko’psensorli tarzda/eshitish, ko’rish, ushlab his qilish, hid bilish, o’qish, harakatlanish, gapirish, yozish va chizish orqali sezgi organlari bilan yaxlit o’rganish) mashg’ulotning barcha davrlarida imkon qadar turli o’quv kanallaridan foydalanilishi lozim.
  • O’quv jarayoni misollar va ko’rgazmali qurollar yordamida yengillashtirilishi lozim, kichik bosqichli va ichki differentsiatsiya asosida tuzilgan vazifalar materialni tushunish va uni amalda qo’llashga yordam beradi.
  • Darsda ijtimoiy shakl turlari (yakka tartibda ishlash, sherik bo’lib ishlash, kichik guruh bo’lib ishlash, katta guruh bo’lib ishlash) va mashg’ulot shakli turlarini («bekatlar uslubi» bo’yicha o’rganish, o’quv stsenariylari, loyihaviy ishlar) tez-tez o’zgartirib turish orqali darsda bir xillikdan chekiniladi; bu orqali o’quvchilarning qiziqishlari ortadi va ular fikrni bir joyga jamlashni rivojlantiradilar.
  • Har xil metodik yondashuvlar („Total Physical Response“ metodi, hikoya metodi v.h.) darsning mazmuni va maqsadiga mos ravishda darsda qo’llanilishi lozim, agar o’quv jarayonida imkon bo’lsa ularni bir-biriga muvofiqlashtirgan holda qo’llash mumkin.
  • Erta yoshda xorijiy tillarni o’qitish jarayonida bola gapirishga majbur qilinmaydi, balki u masalan, chet tilidagi ba'zi so’zlarni taqlid qilgan yoki ona tilidagi gaplarga kiritgan holda dastlab tinglaydi, tushunadi, qabul qiladi va ko’pincha ma'lum bir vaqt o’tganidan so’ng unga javob qaytaradi.
  • Tarbiyachi yoki o’qituvchi darsda imkon qadar faqat chet tilida gapiradi, ammo, bolalar unga ona tillarida murojat qilganlarida ularni tushunganligini bildiradi. Imkon qadar ko’proq chet tili, zaruriyatga qarab ona tili - bu kichik yoshlilar uchun mo’ljallangan chet tili darslarining asosiy tamoyili hisoblanadi.
  • O’qituvchi o’quvchilarning til o’rganish bo’yicha to’plagan tajribalari to’g’risida aniq ma'lumotga ega bo’lishi hamda ba'zi o’quvchilarning individual tarzda ko’p tilliligi, aniqrog’i umuman qancha tillarni bilishini e'tiborga olishi va imkoniyatga qarab ulardan darsda foydalanishi lozim. Qulay vaziyatlarda bolaning ona tili yoki hattoki bolaga tanish bo’lgan boshqa tillarning o’xshash yoki farqli tomonlariga e’tiborini qaratish orqali bolaning lingvistik ongi rivojlantirilishi mumkin.
  • O’qituvchi darsda har bir o’quvchining darsga ishtiroki to’g’risida bevosita o’z fikrini bildirishi kerak; bola haqida ijobiy fikr bildirish uni yanada rag’batlantiradi.
  • Xatolar rivojlanib borayotgan til bilimlarining oddiy bir qismi hisoblanadi va ular „qayta aloqa strategiyalari“ („feedback“ strategiyalari) orqali e’tiborga olinadi. Og’zaki nutq paytida o’quvchining xatosini tuzatish maqsadida uning nutqi bo’linishi mumkin emas.
  • O’qituvchi bir vaqtning o’zida ham ishlashga turtki beradigan, ham ishlashni talab etadigan va bolaning darsga ishtirok etishga tayyorligini oshiradigan bolaga mos, qiziqarli, hayajondan holi bo’lgan muhit yaratadi
  • Bolalarning diqqat-e'tibori va fikrini bir joyga jamlashni rivojlantirish maqsadida joy bilan bog’liq sharoitlarni yaratish uchun chet tili darslari imkon qadar o’zgartirilmaydigan o’quv joyida masalan, muqim xonada yoki muqim o’quv burchagida olib boriladi.
  • Dars jarayoni buzilmasligi ham o’quvchilar, ham tarbiyachi va o’qituvchilar kundalik maktab/bog’cha hayotida ortiqcha sarosima yoki notinchliklarga duch kelmasliklari uchun o’quv joylari kerakli materiallar va jihozlarni olish oson va ulardan foydalanish qulay bo’lgan darajada jihozlanishi lozim.
  • Masalan, ishlarni bajarish muddatini rejalashtirish vaqtida, darsda ma'lum bir an'analar yoki o’quvchilar o’tirish tartibini belgilash jarayonida masalan, yozuvlar bilan belgilash hamda o’zaro kelishuvlar orqali amalga oshirish aniq qoidalar sifatida odat tusiga kiradi, o’quv jarayonini avtomatlashtiradi va bu qoidalarga asoslangan ushbu jarayon bolaning ehtiyojiga mos keladi.
  • O’qishning texnik vositalaridan (ayniqsa yangi O’TV dan) maqsadli, puxta o’ylangan holda, belgilangan vaqt davomida foydalanish lozim.
  • Original tildagi O’TV va materiallar (qofiyalar, qo’shiqlar, hikoyalar, bolalar adabiyoti, ko’rgazmali materiallar, televizion dasturlar, filmlar) qo’llanganida til va madaniyat to’g’risidagi bilimlar birgalikda yetkaziladi.
  • O’quv materiallari nafaqat til va madaniyat to’g’risidagi bilimlarni o’quvchilarga yetkazishi kerak, balki ular atrof-muhitni asrab-avaylashni ham amaliy tarzda o’rgatishi lozim.

Tavsiya:

Bolaning til o’rganishida uning yaxlit rivojlanishini diqqat markazida ushlab turish uchun o’quv jarayonining yuqorida aytib o’tilgan metodik-didaktik tamoyillarini tegishli tarzda inobatga olish lozim.