Nyurnberg tavsiyalari
Ota-onalar

Ba'zan ota-onalar hamda o’qituvchilar kichik yoshda xorijiy tillarni o’rganish bolalar uchun og’irlik qiladi deb xavotirga tushsalarda, bugun ko’pchilik ota-onalar erta yoshda chet tillarini o’rganishni farzandlariga berilgan imkoniyat deb bilmoqdalar. Ular xorijiy tillarni kichik yoshdan o’rganish bolaga bir yoki bir necha qo’shimcha tillarni tezroq va osonroq o’rganish uchun afzalliklar tug’dirishi isbotlanganligi to’g’risida ma’lumotga egalar. 

Xorijiy tillarni kichik yoshdan o’rganishni muvaffaqiyatli tashkil etish ishlarida ota-onalar tarbiyachi va o’qituvchilar uchun tengi yo’q hamkor hisoblanadilar. Ular farzandlarining o’quv jarayonini qo’llab-quvvatlashlari hamda uning muvaffaqiyatli kechishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berishlari mumkin. Agar ota-onalar atrofdagilarga, ayniqsa farzandlarining xorijiy tillarni o’rganishiga ijobiy munosabatda ekanliklarini namoyon qilsalar va bolaning intilishlariga dalda bo’lsalar, bola ta'lim jarayoniga bajonidil hamda ishtiyoq bilan ishtirok etadi. 

Maktabdan tashqarida bola o’rganayotgan darsning mazmuniga qiziqish bildirish, uni maqtash va ruhlantirish bolada xorijiy tillarni o’rganishga bo’lgan qiziqishni o’sishi uchun muhim omillardan biri sanaladi. Shu boisdan ham, bolalar bog’chasi va maktab muassasalari o’z faoliyatini rejalashtirish jarayonida ota-onalarni ham jalb etishi va ularning ko’maklarini yaxshi qarshi olishi lozim. Bola ilm oladigan dargohlar, yani bolalar bog’chasi, maktab va ota-onalar bir-biri bilan qanchalik uzviy hamkorlikda bo’lsa, bu bola uchun shunchalik foydali bo’ladi.
   

Tavsiyalar:

Ota-onalar:

  • erta yoshda xorijiy tillarni o’rganishning maqsadi va mazmuni hamda ta'lim psixologiyasining talablari to’g’risida o’zlariga tegishli ma'lumotga ega bo’lishlari lozim. Ular muntazam ravishda farzandlarining rivojlanishi va yutuqlari to’g’risida xabardor bo’lishlari lozim. Shu tarzdagina ota-onalar o’quv jarayonini yetarlicha tushunishlari, uni kuzatib borishlari va unga ko’maklashishlari mumkin.
  • bolaning o’rganganlari haqida so’rash, uni ruhlantirish, yutuqlarini maqtash hamda suhbatlashish orqali farzandlarining kichik yoshdan boshlab uning xorijiy tillarni o’rganishga qiziqayotganliklarini ko’rsatishlari lozim. Ota-onaning boladan biror narsani aytib berishni yoki o’rganganlarini ko’rsatishni talab etishi ularning farzandlarining o’qishiga bo’lgan qiziqishini namoyon qilishi, ammo bu talab hech qachon bolani nazorat qilish vazifasini bajarmasligi lozim.
  • farzandlarining xatolarini tuzatish orqali o’qish jarayoniga ta'sir etishga urinmasliklari lozim. Xatolarni tuzatish tarbiyachilar va o’qituvchilar ixtiyoriga havola qilinishi kerak, bolada ishonchsizlik hissini uyg’otmaslik va so’zlashishiga halaqit bermaslik uchun xatolarni to’g’irlash o’ta maqsadli va ehtiyotkorlik bilan amalga oshiriladi.
  • imkoniyatlariga qarab hamkorlikka chorlovchi tadbirlarda (ota-onalar majlisi, axborot tadbirlari, maktab bayramlari v.h.) qatnashishlari va o’zlari ham o’qituvchilar bilan hamkorlik qilish yo’llarini izlashlari lozim, biroq bunda har ikki tomon o’z vazifasiga o’zaro hurmat bilan qarashi darkor.