Nyurnberg tavsiyalari
Erta yoshda xorijiy tillarni o’rgatishga mo’ljallangan ta'lim mazmuni

O’quv mazmuni tematik va lingvistik jihatdan bolaning qiziqishi hamda o’rganish psixologiyasi bo’yicha rivojlanishiga qarab tanlab olinadi. Ta'lim mazmuni bolaning qiziqishlariga mos kelishi va uni kengaytirishi, hissiyotlariga murojat qilishi, faol ishtirogini, fantaziya va ijodkorligini o’stirishi va unga zavq bag’ishlashi lozim. 

Erta yoshda xorijiy tillarni o’rganish jarayonidagi ta'lim mazmuni bolaning ona tilida shakllanayotgan yoki shakllanib bo’lgan dunyoqarashini to’ldiradi va uni farqlaydi. U semantik va pragmatik progressiya tomon yo’naladi va grammatik progressiyadan ancha chekinadi. Ta'lim mazmuni imkon qadar original tildagi o’quv materiallar yordamida yetkazilishi lozim. Bunda masalan, qofiya, qo’shiq, hikmatli so’zlar, ertak va hikoyalar kabi sodda matn turlari tavsiya etiladi. Darsda foydalanish maqsadida yozilgan original tilda bo’lmagan matnlar original tilning o’zidan va undagi asl matn turlaridan kelib chiqishi hamda muloqotning dialog va suhbat shakllarini inobatga olishi lozim.

Eshitish, gapirish, o’qish va yozish kabi til ko’nikmalari sohasida til bilimlari bo’yicha kompetentsiyalarni va bolalarning kundalik hayotda muloqot qila olish qobiliyatini rivojlantirish uchun o’quvchilarga bolaning yashash muhitiga mos so’z boyliklari va lingvistik strukturalar kerak bo’ladi. O’quv rejalarida nafaqat tanlangan mavzular, balki mavzular kontekstida o’rganilishi lozim bo’lgan suratli kitoblar va darsliklarda ifodalangan strukturalar ko’rsatilishi lozim.

Talaffuzni o’rganish xorijiy tillarni o’rgatishning ajralmas qismi bo’lishi lozim. Bunda xorijiy til sohiblarining ovozlari yozib olingan audio va audiovizual texnik vositalar katta yordam beradi. Imo-ishora va mimika kabi paralingvistik vositalar hamda o’rganilayotgan tilda so’z ishlatishning ijtimoiy va madaniy o’lchamlari bilan uzviy bog’langan (salomlashish iboralari, murojat shakllari, hurmatni ifodalash shakllari v.h.) boshqa lingvistik vositalar erta yoshda chet tillarini o’rgatishning mazmun jihatdan muhim qismi hisoblanadi.
 

Tavsiyalar:

Erta yoshda xorijiy tillarni o’qitish zamiridagi ta'lim mazmuni masalan quyida keltirilgan umumiy mavzularga dahldor bo’lishi va ularga tegishli so’zlarni ongli ravishda o’rgatishi lozim. Aytib o’tilgan mazmun kommunikativ kontekstga kiritilgan bo’lishi lozim.

Mavzular va voqyeliklar

  • Kundalik turmush tarzi va bolalar madaniyati:
    Bola turli kontekstlarda, masalan, men va mening oilam /do’stlarim, bolalar bog’chasi/maktab, o’yinlar, sevimli mashg’ulotlar, sport, uy hayvonlari, sayohat, yil fasllari/ob-havo, yegulik/oziq-ovqat va ichimliklar, inson tanasi/salomatlik, kiyinish, bayramlar va urf-odatlar, atrof-muhitni muhofaza qilish/atrof-muhit bilan uzviy munosabat v.h.
  • Tabiatshunoslikka oid jihatlar: 
    Yuqorida sanab o’tilgan mavzular doirasida inson va atrof-muhit to’g’risida yangi tajriba va bilimlar o’rgatiladi.
  • Madaniyatlararo mamlakatshunoslikka oid jihatlar: 
    Bolalar tili o’rganilayotgan mamlakatning kundalik turmush tarzi/urf-odat va udumlari to’g’risida misollar yordamida bilib oladilar va o’zlari yashayotgan muhit bilan qiyoslaydilar.
So’z boyligi
  • Yuqorida keltirilgan mavzular va vaziyatlar doirasida bolalarga yoshiga mos bo’lgan va deyarli barcha so’z turkumlaridan olingan so’zlar o’rganiladi.
Tallaffuz uchun muhim bo’lgan mazmun va lingvistik strukturalarni tanlashda quyidagi jihatlar inobatga olinishi lozim:

Talaffuz
  • To’g’ri talaffuz qilish va ifodali o’qishga boshidanoq e'tibor berilishi lozim.
  • Ona tili va xorijiy til o’rtasidagi farq til o’rganayotgan bola ongiga yetkazilishi zarur.
  • Talaffuzni o’rgatish jarayonida ham tinglash, ham og’zaki nutq ko’nikmasini rivojlantirish uchun mo’ljallangan mashqlar taklif qilinishi lozim
Lingvistik strukturalar va so’zlarni ishlatish
  • Ayniqsa bevosita muloqot jarayonida o’zlashtirilgan bilimlarni qayta ishlatish haqida gap ketganda kommunikativ maqsadlar sodda sintaktik strukturalar (asosan bosh gaplar) orqali ifodalanishi lozim. Tushunish uchun beriladigan matnlarda (eshitish va o’qish uchun matnlar) so’z boyligini retseptiv kengaytirish maqsadida asta-sekin murakkab strukturalar ham o’rgatilishi mumkin.
  • Til qoidalaridagi ma'lum me'yor va til hodisalarining qonuniyligi to’g’risida taasavvurga ega bo’lish erta yoshda xorijiy tillarni o’rgatish mashg’ulotlarida uning yana ham tushunarli bo’lishiga yordam beradi va kelajakda til o’rganishni tahlil qilishga zamin yaratadi. Ammo bu grammatika mashg’ulotlari bilan almashtirib yuborilmasligi, aksincha u kommunikativ yoki mazmun jihatlaridan kelib chiqishi lozim. Sxematik tarzdagi mashqlar, grammatik qoidalarni deduktiv tarzda bola ongiga kiritish, murakkab atamalardan foydalanish to’rt yoshdan o’n yoshgacha bo’lgan bolalarning kognitiv rivojlanish holatiga aslo to’g’ri kelmaydi va tildan kommunikativ maqsadda foydalanishga olib kelmaydi.
Erta yoshda xorijiy tillarni o’rgatishning muhim mazmuni qatoriga bevosita muloqotning ajralmas qismi sifatida tildan tashqari va paralingvistik vositalar ham kiradi:

So’zsiz muloqot vositalari
  • Muloqot qilishga mo’ljallangan vaziyatlar ham yordamchi amaliy harakatlar (nimanidir ko’rsatish, biror harakatni takrorlash v.h.), fikrni tana a'zolari orqali ifodalashning tegishli paralingvistik vositalari (imo-ishora, mimika, gavdani tutish holati, tana va ko’z qarashlari orqali v.h.) bilan to’ldirilishi lozim. Paralingvistik vositalar har bir xalqning madaniyatiga bog’liqligi sababli muloqotning muvaffaqiyatli yoki muvaffaqiyatsiz kechishiga sezilarli ta'sir etadi.