Nyurnberg tavsiyalari
Bola chet til o’qitishning diqqat markazida

Kichik yoshlilar uchun mo’ljallangan chet tilli darslari bola shaxsini har tomonlama rivojlantirishi lozim. 

U bola chet tilida muloqot qila olishi uchun uning emotsional, ijodiy, kognetiv va til bilish qobiliyatlarini o’stirishi lozim. 

Buni muvaffaqqiyatli amalga oshirish uchun esa har bir bolaga uning individual rivojlanish darajasidan kelib chiqib yordam berilishi lozim.

Inson dunyoga kelmasidan burun tilga monand bo’ladi. Go’daklar intiutiv tarzda atrofdagi til ohangiga moslashadilar. Ularning ilk marotaba tovush birikmalarini takrorlashga harakat qilishlari kommunikativ hodisa hisoblanadi. 

Taxminan 2 yoshdan boshlab bola tilni ongli ravishda qabul qila boshlaydi. Unda til va tafakkurning rivojlanishi birgalikda ro’y beradi. Bola - o’yin tarzida, hamma narsani o’zi bilan bog’lagan holda, biroq doimiy ijtimoiy interfaol munosabatda - dunyo to’g’risidagi tassavvurni o’zlashtirib boradi va bu jarayonda tilning tuzilish tartibini o’rganib oladi.

Bolaning kelgusida til jihatidan, kognitiv va emotsional rivojlanishi u yashaydigan ijtimoiy va madaniy muhitga hamda uning ehtiyojlari, qiziqishi va qobiliyatlariga mos tarzda jamiyatda individ sifatida qabul qilinishiga bog’liq.

Tavsiyalar:

Bolaning rivojlanish darajasiga qarab chet tillarini o’rganish jarayoniga doir quyidagi tavsiyalar beriladi:
  • Beg’uborlik va hozirjavoblik  xislatlari tufayli bolalarda hayratlanish qobiliyati kuchli bo’ladi, ular o’yin shaklidagi faolliklarni yoqtiradilar. Ulardagi odatda o’ta sinchkovlik, har narsani bilishga intilish, tadqiq etish ehtiyoji, ilm olishga shayligi hamda qabul qilish qobiliyatlaridan amaliy, o’yin va harakatli mashqlar vositasida dars o’tish va sinab ko’rish uchun foydalanish lozim.
  • Bolalar zamon va makon jihatidan bevosita reallikka yo’naltirilgan bo’ladilar. Ular o’rganilayotgan chet tili muhitida tushunarli bo’lgan impulslarga muhtoj bo’ladilar.
  • Tushunish uchun bolalarga aniq tasvirlangan ko’rgazmali qurollar kerak bo’ladi. Mavhum tushunchalarni esa ular ma'lum yoshdan boshlab qabul qila boshlaydilar. Shuning uchun, harakatli mashqlarga yo’naltirilgan o’quv imkoniyatlari va uslublari bolaning o’qishda yutuqlarga erishishi va unga qiziqishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
  • Bolalar qisqa vaqtgina fikrlarini bir joyga jamlab tura oladilar; bolalardagi odatiy yaxshi eslab qolish qobiliyatini o’yinlar orqali ishga solish va uni yanada rivojlantirish lozim.
  • Bolalardagi samimiylik madaniyatlararo muloqotga doir mavzular bilan shug’ullanishga imkon beradi;
Kichik yoshda chet tillarini o’rganish dinamikasi individual xususiyatga ko’ra turlicha bo’ladi, biroq u asosan ma'lum bir namuna bo’yicha kechadi. Bolalarning til o’rganish davrlari va bosqichlarining aniq bir ketma-ketligi to’g’risida yagona bir yondashuv mavjud emas. Piajening rivojlanish bosqichlari modeli ko’plab ilmiy-amaliy tadqiqotlarga asoslanadi, biroq u ham bugungi kunda boshqa modellar kabi [1].

“Inson har qanday vaqtda bir yoki bir necha yangi tillarni o’rgana oladi”, degan fikr bugun shubhasizdir. “Til o’rganish va miya faoliyati ustida olib borilgan tadqiqot natijalari chet tilini imkon qadar ertaroq o’rganishni qo’llab-quvvatlashga imkon beradi. Shunday qilib, ikkinchi til olti yoshgacha aktsentsiz o’rganilishi isbotlangan. Balog’at yoshigacha sintaksis va morfologiya undan keyingi vaqtga nisbatan qiyinchiliklarsiz o’rganiladi [2].“ Boshqa tomondan esa yana bir qancha omillar bolaning o’zlashtirishiga ta'sir ko’rsatadi. Bular jumlasiga o’qituvchilarning malaka va tajribalari, o’quv materiallarining sifati yoki til bilan muloqotda bo’lishning davomiylik va muntazamlik darajasi kiradi.

Tavsiyalar:
  • Bolaning chet tilini o’rganish jarayoniga imkon qadar uning ona tili bilimlarining rivojlanganligidan kelib chiqib qarash lozim.
  • Bola yangi o’rgangan bilimlarini ijtimoiy interfaol munosabatlarda masalan, o’qituvchi yoki sinfdoshlari bilan qo’llay olishi uchun til o’rganish jarayonida yetarli sharoitga ega bo’lishi kerak.
  • Til o’rganish jarayonining bosqichma-bosqich amalga oshishi to’g’risidagi ilmiy mulohazalar til o’rganish jarayonida xato qilishga bo’lgan munosabatni o’zgartirishni talab etadi: unga ko’ra, xatolar –bu tilni o’zlashtirish yo’lida rivojlanish uchun qo’yilgan qadam hisoblanadi, shuningdek, xatolarni o’quv jarayonining qonuniy bir qismi deb qabul qilish va ularga sabr-qanoat bilan yondashish lozim.
  • Tarbiyachi yoki o’qituvchi xatolarni til o’rganish jarayonining holati to’g’risidagi muhim ma'lumot sifatida qabul qilishi va ulardan foydalangan holda bolaga qo’shimcha yordam berishi kerak.
Bolalar bog’cha davrida va maktab ta'limi ostonasida hissiy jihatdan hali nozik bo’ladilar. Ular ilk marotaba oila davrasidan tashqaridagi muhitga ko’nikishni o’rgana boshlaydilar. Ular birinchi marotaba do’stlashadilar, yangi kishilar bilan tanishadilar, turlicha shaxsiy tajribalar orttira boshlaydilar. Xorijiy tilning yangi ohanglari bilan uyg’unlashgan hali notanish bu jarayon, ayniqsa bola rivojlanishining hissiy jihatlarini inobatga olgan holda unga mehribonlik bilan yondashishni talab etadi. 

Bolalar nafaqat maxsus qobiliyatlarga ega bo’ladilar, balki ularda ma'lum bir ehtiyojlar ham borki, masalan, kichik yoshlilar uchun mo’ljallangan chet tili darslarida yosh o’quvchilar o’zlarini erkin his qilishlari lozim hamda o’quv jarayoni muvaffaqiyatli kechishi uchun mazkur ehtiyojlar inobatga olinishi zarur. Bolada quyidagilarga nisbatan ehtiyoj tug’iladi:
  • ta'lim olayotgan muhitda o’zini erkin va himoyalangan his qilish;
  • xayrihohlikni his etish va o’zini ko’rsata olish;
  • tuyg’ularini oshkor etish, xursand bo’lish va boshqalarni xursand qilish;
  • boshqalarni tushunish va ular bilan gaplashish;
  • o’ynash, mashg’ul bo’lish, harakat qilish va sho’xlik qilish;
  • o’zining ijodiy jihatlarini namoyon etish;
  • muvaffaqiyatlarga erishish va maqtovlarga sazovor bo’lish;
  • yangi narsalarni bilish, boshdan o’tkazish, o’rganish, kashf etish, faol tadqiq etish;
  • yangi o’rganganlarini rolli o’yinlarda (yoki shunga o’xshash) taqlid qilish va shu tarzda ularni hissiy jihatdan o’zlashtirish;
Tavsiya:

Kichik yoshda chet tillarini o’rganishning maqsadi, mazmuni va metodlarini belgilash va uni amalga tatbiq etishda tarbiyachi yoki o’qituvchi doimo bolaning ehtiyojlarini inobatga olishi shart.
Boshlang’ich maktablarda bola BMTning bolalar huquqlari to’g’risidagi konvensiyasiga muvofiq o’z huquqlari bilan tanishtirilishi lozim. Huquqiy ongi rivojlangan bolalar uchun ular yashayotgan ijtimoiy jamiyatda keng imkoniyatlar ochiladi. Asosiy huquqlardan hisoblanmish til o’rganish huquqi bu jarayonda ko’plab boshqa huquqlarning ibtidosi hisoblanadi. Kimki o’qish va yozishni bilsa va bularni bir yoki bir necha xorijiy tillarda bajara olsa, har tomonlama muloqot qilishni o’rganadi va o’zida qiyinchiliksiz ijtimoiy kompetentsiyani shakllantiradi. 

Ta'lim olish va chet tillarini o’rganish huquqi o’zga madaniyatga nazar solish, xorijliklarni qiyinchiliksiz tushunish, qiziquvchanlik va bag’rikenglikni rivojlantirish, til bilimlari orqali ochiladigan yo’llardan yurish va shu yo’sinda o’z shaxsiyatini cheksiz rivojlantira olish imkoniyatini beradi.

Kichkina bolalar begona narsalar oldida qo’rquvni his etmaydilar va chet tili ohangini xolisona qarshi oladilar. Biroq, ular chet tilini bolalarga mos o’rgatish imkoniyati berilishini o’zlari talab qila olmaydilar. 

Erta yoshda xorijiy tillarni o’rganish barcha bolalarga til bilan bog’lig quyidagi huquqlarni berishi lozim:
  • erta yoshda til bilimlarini imkon qadar keng ko’lamda egallash huquqi (imkoniyatlar tengligi asosida). U ona tili yoki kelib chiqish tili bo’yicha bilimlarni rivojlantirishni hamda erta yoshda chet tillarini o’rganish orqali bolaning til bilish imkoniyatlarini kengaytirishni qamrab oladi.
  • madaniyatlararo muloqotga doir mavzular kiritilgan o’quv materiallari asosida til o’rganish hamda madaniyatlararo muloqot yuritish imkoniyatiga ega bo’lish huquqi;
  • xorijiy tillarni o’rgatish orqali boladagi mavjud qobiliyatlarni maksimal darajada rivojlantirish huquqi. Bilimlarni o’zlashtirish uchun barcha sezgi organlari yordamida o’rganish ham shular jumlasiga kiradi;
  • mustaqil fikr yuritish va chet tili mashg’ulotlarida qarorlar qabul qilishda ishtirok etish huquqi;
  • til o’rganish jarayonida xato qilish va bu uchun jazolanmaslik huquqi;
  • kelib chiqish tili, dini yoki madaniyatidan qat'iy nazar tan olinish va boshqalar bilan teng munosabatga loyiq bo’lish huquqi.
Tavsiya:

Bola yoshiga mos huquqlardan amalda foydalana olishi uchun uning shaxsiyatini rivojlantirish maqsadida kichik yoshlilar uchun mo’ljallangan chet tili darslari ko’proq amaliy imkoniyatlar yaratilishi lozim. Bolalarni tinglash, ulardan talab qilish, o’z fikrini bildirish, savol berishga imkon yaratish va xatolarini mehribonlik va ehtiyotkorlik bilan tuzatish shular jumlasidandir.


Manbalar
[1] Qiyoslang: a) Jan Piajening (Jean Piaget) rivojlanish bosqichi modeli, masalan internetda, b) Bleyhl (2000) c) Tracy (2007)3e
[2] Apeltauer, Hoppenstedt (2010 yilda chop etilishi kutilmoqda)