Nyurnberg tavsiyalari
Ta'lim maskanlari

Erta yoshda xorijiy tillarni o’rganish bolalar bog’chalari, maktablar va boshqa ta'lim dargohlarida amalga oshiriladi. Xorijiy tillarni sifatli o’qitishning zarur shart-sharoitlarini yaratish uchun dars mashg’ulotlari sinf xonalarining kattaligi va jihozlanishi jihatidan bolalarga xavfsiz muhit yaratadigan, o’quv jarayonini bolalarga mos ravishda tashkil etish imkonini beradigan hamda bolalarning sog’lig’iga zarar yetkazmaydigan sinf xonalarida olib borilishi lozim. 

Agar o’quv jarayoni bolalarga mos ravishda jihozlangan o’quv xonalarida hamda kam sonli o’quv guruhlarida olib borilsa, unda har bir bola o’rganilayotgan tilda gapirish uchun yetarlicha imkon topadi va shuningdek, ehtiyojiga qarab o’qituvchi ko’magidan foydalanadi. O’qituvchining doimiy ixtiyorida bo’lgan aynan bir xonadagi muqim o’quv muhiti o’qishning davomiyligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Ta’lim jarayonida ishtirok etuvchi barcha tarbiyachi va o’qituvchilar bolalar bilan ishlash shart-sharoitlari, o’quv maqsadi, metodlari va mazmuni to’g’risida aniq kelishuvlarga kelishlari uchun, ayniqsa chet tili darslariga qo’shimcha mutaxassis jalb etilayotgan holatlarda muassasa ichida alohida maxsus xona bo’lishi shart.
   

Tavsiyalar:

Bolalarga o’zlariga tanish muhitda o’qish imkoniyatini berish uchun ular o’qiyotgan xonalar imkon qadar uzoq muddat davomida foydalanilishi lozim.

Turli bosqichlarda faoliyat olib baradigan ta’lim sohasidagi mutaxassislar bir-birlari bilan o’zaro ma'lumot almashishlari lozim. Buni quyidagi tartibda amalga oshirish tavsiya etiladi:

  • O’quv rejalari, ustuvor yo’nalishlar, qo’yilgan maqsad, o’qish mazmuni va mavzularni almashish
  • O’quvchilar portfoliosini (o’quvchining shaxsiy yutuqlari to’plami – tarjimon izohi) ta'lim maskanlariaro yuritish
  • Muvofiqlashtiruvchi anjumanlar
  • Turli ta'lim maskanlari xodimlari o’rtasida o’zaro darslarga kuzatuvchi sifatida kirish va birgalikda malaka oshirish tadbirlarini tashkil qilish

Erta yoshda chet tillarini o’rganishning davomiyligini ta'minlashda bolalar bog’chasi, tayyorlov maktablari yoki boshlang’ich maktablar o’rtasidagi uzuq bog’liqlik ko’pincha muammoli hisoblanadi [1].

Turli ta'lim muassasalarida ta'lim jarayonining uzluksizligini joriy qilishning muhim vositasi - bu muassasalar o’rtasida xorijiy tillarni o’qitish bo’yicha kurrikulalarni (o’quv dasturlarini – tarjimon izohi) o’zaro kelishib olishdir. Bolalarning chet tilidan egallagan bilimlarini oqilona davom ettirish hamda takrorlanishlarni oldini olish maqsadida boshlang’ich maktab o’qituvchilari lingvist tarbiyachilar bilan birgalikda kelgusi ta'lim mazmuni va bu jarayonda qilinadigan aniq ishlar tartibi to’g’risida ma'lumotga ega bo’lishlari talab etiladi. Soha mutaxassislari tugallanayotgan ta'lim muassasasida bolalarni tegishli tarzda navbatdagi ta'lim bosqichiga o’tishga tayyorlashlari lozim. 

Buning uchun xorijiy tillarni o’rganishning yaqqol progressi va davomiyligini ta'minlaydigan kurrukulalarni muvofiqlashtirish talab etiladi.

Tavsiyalar:
  • Kurrikulalar (o’qishning boshlanish vaqti, xorijiy tillarni tanlash, ularning soni va o’rganish ketma-ketligi, bitiruv bosqichi talablari) bir-biriga aniq muvofiqlashtirilishi lozim. Erta yoshda xorijiy tillarni o’rgatish bilan bog’liq ta'lim jarayoni uchun umumiy yagona nazariy asos [2] bo’lishi zarur.
  • Ba'zi mamlakatlarda kuzatilayotgani kabi tarbiyachi va o’qituvchilarni loaqal ma'lum bir muddat davomida universitetda birgalikda ta'lim olishlari muvofiqlashtirilgan ta'lim tizimini rivojlantirishiga xizmat qilgan bo’lardi [3].
  • Uzluksiz ta'lim jarayonini ta'minlash maqsadida ta'lim bosqichlariga o’tish o’quv muassasalari tomonidan kelajakni ko’zlagan holda navbatdagi ta'lim maskanlari bilan o’zaro kelishuv asosida rejalashtirilishi lozim.
  • Maktab ta'limidagi barcha bosqichlarni qamrab olgan materiallar yoki darsliklar ishlab chiqilishi lozim.


Manbalar
[1] qiyoslang: yana BIG (2009)
[2] qiyoslang: Wassilios Fthenakis (01/2010)
[3] qiyoslang: o’sha joyda