Nyurnberg tavsiyalari
Axborot-texnika vositalari

Axborot-texnika vositalari (ATV) bugungi kunda bolalar olamiga hamohang ruhda kirib kelmoqda. Tadqiqotlarga ko’ra, televizor Germaniyada audiotasmalar va rasmli kitoblardan [1]. ancha oldingi o’rinlarni egallagan eng sevimli va eng ko’p foydalaniladigan axborot-texnika vositasi sanalar ekan . ATV bolalar olamining ajralmas qismidir va ular bilan bog’liq hodisalarni anglash bolalarning yoshligida shakllanadigan bilimlarining muhim qismi hisoblanadi. Shuning uchun ham, ATVga oid tanqidiy munozaralarga qaramay ATV bolaning yoshligidagi ta'lim va tarbiya olishida muhim rol o’ynashi lozim. 

ATVdan foydalanish maqsadga muvofiqligi ularning sifatiga, pedagogik jihatdan o’rinli qo’llanishiga hamda ota-onalar, tarbiyachi yoki o’qituvchilarning undan foydalanish jarayonidagi individual kuzatuviga bog’liqdir. Agar ATV o’quv jarayonida bolalarga mos tarzda qo’llanilsa, ular o’quv jarayonini tashkil etishga ijobiy ta'sir etadi. Ular darsdagi faollik turlarini o’zgartirib turishga yordam beradi, bir vaqtning o’zida bir necha sezgi organlari yordamida o’rganish va o’quvchiga individual yondashish imkonini beradi. Shuningdek, ular fikrni bir joyga jamlash qobiliyati va xotirani yaxshilash uchun foydali bo’lishi mumkin.

Axborot-texnika vositalari - ya'ni barcha turdagi o’yin va o’quv materiallari, elektron axborot vositalari - erta yoshda chet tillarini o’rgatish jarayonida ta'lim mazmunini o’quvchilarga turli tarzda yetkazib beradi. Axborot vositalari o’quv jarayoniga tashabbus kiritishi, birga olib borishi, unga ko’maklashishi, takrorlash imkoniyati orqali chuqurlashtirishi, shuningdek, natijalarni ishonchli saqlashi va hujjatlashtira olishi mumkin. ATVdan foydalanishni nazoratsiz qoldirish aksincha o’qishni qiyinlashtiradi va to’siqlar paydo qilishi mumkin.

Bolalarga til o’rgatish jarayonida ularni o’rab turgan tevarak-atrof va tabiatdan olingan haqiqiy predmetlar, o’yinchoqlar, qo’g’irchoqlar, shaxmat, shashka, qura tashlash va b. o’yinlardan foydalanish afzal ko’riladi. Ko’p foydalaniladigan bosma nashrlarga suratli kartalar va so’z kartalari, darsliklar, jurnallar hamda foliyalar, suratli va oddiy plakatlar kiradi. Texnik sharoitlarni talab etadigan audio-tasmalar, suratlar va filmlar, kompakt disklar, internet va elektron pochta kabi axborot vositalari ham bular sirasiga kiradi. Suratlarni digital qayta ishlash, elektron muloqot shakllari yoki interfaol doska kabi yordamchi vositalar bolalarni o’ziga ko’proq jalb etadi va erta yoshda chet tillarini o’qitish jarayonida foydali bilimlarni berishi va o’qishga bo’lgan qiziqishni orttirishi mumkin.

Bolalar ATVdan juda faol foydalanadilar, texnikani bajonidil mustaqil boshqaradilar. Biroq, ATVdan foydalanish borasidagi aniq malakalar haqiqiy kompetentsiyani shakllanishiga olib kelishi mumkin. Lingvist tarbiyachilar va chet tili o’qituvchilari ham original, ham soddalashtirilgan yoki dars uchun maxsus tayyorlangan material va ATVdan foydalanadilar. Moslashtirilgan yoki didaktik qayta ishlangan materiallar darsda foydalanish maqsadida soddalashtirilgan bo’lishiga qaramasdan mazmun va shakliga ko’ra original materialga tayanganligini ko’rsatib turishi tavsiya etiladi.
 

Tavsiyalar:

  • An'anaviy hamda yangi axborot-texnika vositalari (ATV) erta yoshda chet tillarini o’rganishning maqsadi, mazmuni va metodik-didaktik tamoyillariga asoslangan holda tanlanishi va qo’llanilishi lozim.
  • ATV turidan qat'iy nazar o’z me'yorida va puxta o’ylangan holda qo’llanilishi shart. Ular o’quv jarayoniga yordam berishi, uni boyitishi kerak, ammo darsning maqsadiga aylanmasligi shart.
  • ATVdan foydalanish til o’rganish jarayoniga, axborot vositalardan foydalanishni tarbiyalashga va bolaning bu boradagi qobiliyatini shakllantirishga xizmat qiladi. Bolalar axborot vositalardan foydalanishni bir tomondan yaxshi bilib olishlari, boshqa tomondan esa o’zlari uchun muayyan texnik vosita foydali ekanligini baholay olishni o’rganishlari uchun ulardagi texnik vositalardan foydalanish tajribasi tarbiyachilar va o’qituvchilarning kuzatuvi ostida shakllanishi lozim.
  • Bolalar ATVdan foydalanish tajribasidan kelib chiqib o’quv jarayonida qo’llaydigan elementlarni (bunda ular ko’rgan rollariga taqlid qilib o’ynaydilar, ko’rganlarini qayta ishlash uchun izlanadilar, boshqa bolalar bilan televizion dasturlar to’g’risida fikr almashadilar v.h. ) tarbiyachilar va o’qituvchilar bilib olishlari, ularga asoslanishlari va ushbulardan bolaning o’qish jarayonini yaxshiroq tushunishda foydalanishlari kerak.
  • Bolalar o’zlari ishlashni yoqtirishadi, ATVdan foydalanish paytida ularga hohishlariga ko’ra faol bir rolni berib ko’maklashish lozim.


Manbalar
[1] Feierabend / Mohr (2004)