O‘zbekistonda SCHULWÄRTS!
Xorijda stipendiya asosidagi pedagogik amaliyotlar

Sharq va G‘arb o‘rtasida joylashgan O‘zbekiston SCHULWÄRTS! - amaliyotchilarini samimiy kutib oladi. O‘zbekiston maktablaridan biridagi kundalik o‘quv hayotiga sho‘ng‘ib, bir vaqtning o‘zida Xorazm yuragida Markaziy Osiyoning betakror taomlaridan bahramand bo‘lish, Buxorodagi Buyuk Ipak yo‘lining durdonalarini tomosha qilish yoki Andijon polkasiga raqsga tushishni o‘rganish — bularning barchasi va yana ko‘plab imkoniyatlarni O‘zbekistondagi SCHULWÄRTS! - amaliyoti orqali amalga oshirishingiz mumkin.

Nemis tilining o‘rni

Butun O‘zbekistonda qariyb 6 000 nafar o‘quvchi 12 ta FIT-maktablarda nemis tilini 1- yoki 2- xorijiy til sifatida o‘rganadi. Ushbu maktablarda o’quvchilar 7 yoshdan boshlab nemis tilini o‘rganishni boshlaydilar va bu jarayon 18 yoshgacha davom etadi.

Nemis tili O‘zbekistonda xorijiy til sifatida uzoq an’anaga ega. Shu sababli nafaqat nemis tilini o‘rganuvchilar soni ko‘p, balki til bilish darajasi ham yuqori. O‘zbek o‘quvchilari odatda A2 darajaga erishadilar, ayniqsa tirishqoq va iqtidorli o‘quvchilar esa C1 darajagacha yetishlari mumkin.

Yaxshi tayyorgarlikdan o‘tgan o‘qituvchilar motivatsiyaga ega o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlaydilar. Shu bois o‘zbek maktablarida xalqaro til tanlovlaridagi g‘alabalar kam uchraydigan holat emas.

O‘zbekistondagi PASCH maktablari va loyihalari

O‘zbekistonda PASCH tarmog‘iga kiruvchi 12 maktabning ayrimlari xorijiy tillarga, boshqalari esa tabiiy fanlarga ixtisoslashgan. Uchtasi litseylar bo‘lib, ular o‘quvchilarni oliy ta’limga tayyorlaydigan gimnaziyaning yuqori bosqichiga o‘xshaydi. Shu bilan birga, kasbga yo‘naltirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘quv yili davomida ko‘plab PASCH loyihalari amalga oshiriladi, tanlovlar tashkil etiladi va malaka oshirish mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. SCHULWÄRTS! dasturi amaliyotchilari bu jarayonda faol ishtirok etib, o‘z g‘oyalarini amalga oshirishlari mumkin.

O‘zbekistonda yashash va dars berish

O‘zbekistonda barcha o‘quvchilar dushanbadan-shanbagacha maktabga qatnaydilar. 2017/18 o‘quv yilidan boshlab ta’lim 11-sinfgacha davom etadi. Ko‘plab maktablarda o‘quvchilar soni juda ko‘p bo‘lgani sababli darslar ba’zan bir necha smenada o‘tkaziladi.

O‘zbekiston til va madaniyat jihatidan rang-barang mamlakat bo‘lib, bu yerda o‘zbek tilidan tashqari rus, tojik va qoraqalpoq tillari ham qo‘llaniladi. Toshkent, Samarqand, Buxoro yoki Xivada bo‘lishidan qat’i nazar, turli asrlarga oid me’moriy durdonalar kishini hayratga soladi. Har bir mamlakatni birlashtiruvchi unsur oshxona bo‘lsa, O‘zbekistonda bu shubhasiz milliy taom - palov bo‘lib, u ko‘plab hududiy turlarga ega.

Qayerda SCHULWÄRTS! amaliyotchisi bo‘lish yaxshiroq? O‘zbekistonning eng mazali noni bilan mashhur va Lazgi raqs musiqasining vatani bo‘lgan Urganch shahridami? Yoki Markaziy Osiyoning tarixi va mehmondo‘stligini o‘zida mujassam etgan Buxoro shahridami? O‘zbekistonni qayerda va qanday qilib sevib qolish esa har kimning o‘ziga bog‘liq.

SCHULWÄRTS! dasturi haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni bu yerda topishingiz mumkin.

Amaliyot o’tash mumkin bo‘lgan muddatlar

Praktikumszeitraum Usbekistan

Bizni kuzatib boring