Tez kirish:

To'g'ri mazmunga o'tish To'g'ri asosiy navigatsiyaga o'tish

CLIL & MINT 2023

O‘zbekistondagi Gyote-Institutining mazkur barqaror loyihasi 2021 yildan buyon umumta’lim o'rta maktablarda zamonaviy CLILiG (Content and Language Integrated Learning (Nemis tilini aniq fanlar bilan integratsiyalashgan holda o‘qitish)) va MINT (Matematika, informatika, tabiiy fanlar va texnika) metodlari bo’yicha o‘qitishni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
 

CLIL & MINT Camp 2023 © Goethe-Institut Usbekistan

 

Xozirgi kunda chet tillarini bilish chet tillarini o'rganishning yagona maqsadi emas, balki maqsadga erishish vositasiga aylanib bormoqda. Maqsad turli xil o'quv dasturlari va xorijda ta'lim olish imkoniyatlariga ega bo'lish uchun xorijiy tillarini o'rganish orqali tabiiy fanlar bo’yicha zamonaviy bilimlarni egallashdir.  Zero, bugungi kunda ta’lim xalqaro tus olib bormoqda.

“Spannende (Soft) CLILiG und MINT-Angebote aus der Praxis für die Praxis” nomli loyiha Markaziy Osiyodagi yagona, MDH mamlakatlari orasida ikkinchi loyiha sanaladi. O‘zbekistondagi Gyote-Instituti tomonidan olib boriladigan mazkur loyihada nemis tili o'qituvchilari va fan o'qituvchilari bilan birgalikda aniq fanlarni - CLILiG va MINT metodlaridan foydalangan holda o'qitish bo’yicha uslubiy, didaktik jihatdan bilim va malakalarini oshiradilar.

Joriy yilda loyihaning geografiyasi yanada kengaydi – ya’ni unga Tojikistonlik o’qituvchilar ham jalb qilindi va shu tariqa u Gyote Institutining O‘zbekistondagi barqaror xalqaro loyihasiga aylandi.

20-24 iyun kunlari Toshkentda O‘zbekiston va Tojikistondan 13 nafar nemis tili o‘qituvchilari va 13 nafar matematika, fizika, informatika, biologiya va geografiya fani o‘qituvchilari ishtirokida navbatdagi seminar bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirokchilar “Raqamli bolalar universiteti” loyihasi bo‘yicha didaktik materiallar mualliflaridan biri, CLILiG eksperti Bernadette Veres rahbarligida ushbu yo‘nalishdagi yangi va qiziqarli metodlar bilan tanishdilar, o‘zaro tajriba almashdilar va yangi g‘oya va takliflar olish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

Bu safargi seminarning o‘ziga xosligi unga maktablarda ikki yil davomida CLLIG va MINT to‘garaklarida faol qatnashgan o‘quvchilarning taklif etilgani bo‘ldi. Besh kun davomida o’quvchilar oʻzbekistonlik va tojikistonlik oʻqituvchilarining qo’l mehnati, rasm chizish, teatr sahnalari, nemis tilida qoʻshiq kuylash va ekskursiyalar kabi qiziqarli mashgʻulotlaridan bahramand boʻldilar, shuningdek, tandem oʻqituvchilari tomonidan matematika va nemis tili, fizika va nemis tili, biologiya va nemis tili va boshqa fanlar kombinatsiyasida turli mavzularda olib borilgan qiziqarli CLILiG darslarida ishtirok etdilar.

Gyote-Institutining O‘zbekistondagi ushbu uzoq muddatli barqaror loyihasi tufayli o’tgan davrda mamlakatimizda CLILiG va MINT sohasi bo’yicha katta tajribaga ega maktab o‘qituvchilari guruhi shakllangani quvonarli xoldir. Ta’kidlash joizki, loyihadagi o’qituvchilar o'quv yilida muntazam ravishda oyiga ikki-uch marta nemis tilini tabiiy fanlar bilan uyg'unlashtirgan holda CLILiG va MINT to’garaklarini o'tkazib kelmoqdalar. Har oyning so’nggi haftasida o’tkaziladigan onlayn uchrashuvda tandemlar tajriba va yangi metodlar bilan almashadilar. Maqsad o’quvchilarga nemis tili orqali aniq fanlarning qiziqarli dunyosini kashf etish imkoniyatini berishdir.