Ochiq osmon ostidagi ko'rgazma Demo Day

Demo Day GI-O'zbekiston 2023 © Goethe-Institut Usbekistan

Yak, 24.09.2023

14:00 - 21:00

Gyote-Institut Toshkent

"GameDev Goethe" doirasida

O’zbekistondagi Gyote-Instituti 2023-yilning 24-sentyabr sanalarida GameDev Gyote o'yinlar yaratish inkubatorining 4-mavsumi yakunlanishi munosabati bilan ochiq osmon ostida tashkil etilayotgan o’yinlar ko’rgazmasi o’tkazilishini ma’lum qiladi. Tadbir Toshkentdagi Gyote-Instituti binosi ro’parasida joylashgan Gyote-hiyobonida bo'lib o'tadi. Ushbu kun loyiha finalchilarining o'yinlari namoyish etiladi. Ishlab chiqilgan o'yinlarni baholash jarayoni tajribali mutaxassislardan iborat hakamlar hay'ati tomonidan amalga oshiriladi. Ammo, barcha ishtirokchilar o'zlarining ijod namunalarini ko'rgazmaga tashrif buyuruvchilarning keng auditoriyasiga taqdim etishlari va o'z loyihalari uchun fikr-mulohazalar, hamda qo'llab-quvvatlash, yordam olishlari mumkin. 

GameDev Gyote – bu o’yinlar yaratish inkubatori bo’lib, loyihaning asosiy maqsadi o'yinlar dunyosiga qiziqqan yoshlarga ular bilan hamfikr insonlarni topishda shuningdek, o'z o'yinlarini yaratish jarayonida yordam berishdir. O'yinlarni rivojlantirish sohasida ko'p yillik tajribaga ega bo'lgan tajribali mutaxassislar ushbu jarayonda yoshlarni faol qo'llab-quvvatlab kelmoqdalar. To'rt yil davomida ushbu loyiha O’zbekistonning barcha viloyatlaridan kelgan iqtidorli yoshlarni birlashtirib, ularga o'z salohiyatlarini ro'yobga chiqarishga yordam berib kelmoqda. Ma’lumki bugungi kunda ko’pgina bolalar va o’smirlarning kompyuter o’yinlariga qiziqishlari kuchli. GameDev Gyote loyihasi yoshlarning ushbu sevimli mashg'ulotini yangi mahoratga, ya’ni o'yin yaratish san'atiga aylantirish uchun noyob imkoniyatni taqdim etadi. Ko’pgina yoshlar uchun bu mahorat IT-o'yin sanoatining jadal rivojlanayotgan sohasidagi o’z kasb-karyeralarini boshlash uchun boshlang'ich nuqtaga aylanadi. Ushbu loyiha har yili mamlakatimizning turli viloyatlaridan kelgan ko’plab yangi ishtirokchilar bilan boyib bormoqda.

2023-yilning iyun-sentyabr oylarida inkubatorda uch oy davomida yangi dizaynerlar, illyustratorlar, dasturchilar va o'yin dizaynerlari jamoalar tuzdilar va o'zlarining o'yin loyihalarini ishlab chiqish uchun ko'p mehnat qildilar. Tajriba orttirish uchun rezidentlarga o'yinlarni yaratishning eng muhim jihatlari: dasturlash, dizayn, animatsiya, loyihalarni boshqarish bo'yicha eng tajribali mutaxassislardan haftalik ma'ruzalar va mahorat darslari berildi.

Bu yil biz gender tengligiga alohida e'tibor qaratdik va qizlar uchun o'yinlarni ishlab chiqish kurslarini tashkil etdik.

O’yinlar yaratish inkubatorida ishtirok etishni yanada qiziqarli tashkil etish uchun biz butun jarayonni 3 bosqichga bo'ldik: 1-bosqich - O'yin g'oyasining yaratilishi, 2-bosqich - O'yin prototipini yaratish. Har bir bosqich g'oliblari tashkilotchilarning sertifikatlari va qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlanadilar.

Va nihoyat, jamoalardan qaysi biri bizning homiy IDU-dan eng katta sovringa va maxsus sertifikatlarga ega bo'ladi, biz 24- sentyabr kuni bilib olamiz.

Biz Sizni O'zbekistonda o'yin sanoatini rivojlantirishning ushbu ajoyib tajribasidan bahramand bo’lishga taklif etamiz.

Shu munosabat bilan biz OAV muxbirlarini 24 sentyabr kuni Gyote-Institutda bo’lib o’tadigan yopiq matbuot anjumaniga va kofe-breykga taklif qilamiz.

Matbuot anjumanida ishtirok etish uchun tashkilotchilar bilan bog‘lanishingiz mumkin:
Gavhar Zokirova: gavhar.sakirova@goethe.de
Telegram: @salihoff

Ortga