Faustext
Noma’lum Kadatni xayolan qidirish yoxud

“Boshlanish. Yangi boshlanish”. Maksim Fadeyev o‘zicha nimalarnidir g‘o‘ldirab, asta-sekin sahnaga qarab yuradi. “Boshlab olish har doim qiyin. Noma’lumlikdan qo‘rqish. Men qo‘rqayapman”.
 
Men “Faustext”ning qismlaridan birida bo‘lgandim va yana keldim. Birinchi martasida men unchalik yaxshi tushunmadim. Xo‘sh, unda nega yana urinib ko‘rish kerak?
 
“Faustga yana bir imkon berish kerak”. Miyamda xuddi shunday javob jarangladi.


Faustext: Maksim Fadeev Faustext: Maksim Fadeev | © Goethe-Institut Taschkent

Biroq, sahna asarini ongning o‘zgargan holatida kuzatish kerak bo‘lsa-chi? Ya’ni, asarda biriktirilgan g‘oyaga kirishib ketmasdan, unga xuddi tushingda bo‘lgani kabi chetdan qaraysan.
 
Sen xuddi bo‘layotgan voqeani tushuna olmaganingdek, ko‘rayotgan narsangni ham o‘zgartira olmaysan. Lekin sen tushlarning jimirlab oqayotgan ushbu daryosida suzasan va ba’zida yo‘lingda uchragan baliqning dumidan tutasan, uning boshini silaysan, uni o‘pasan, qaytadan suvga qo‘yib yuborasan, yo‘lingda davom etasan. Ba’zida esa hech narsa tutmaysan – shunchaki tomosha qilasan. Men bugun ma’nolarni izlamayman.
 
Maks mening kayfiyatimni ilg‘ab oladi va shunday deydi: “Toki sen boshlanish nuqtasidan o‘tmas ekansan, o‘zingni xuddi bordek his qilasan”.
 
Men ko‘zlarimni yumaman va u bilan birga qadam tashlayman. 
 
Boshlanish.
 
Ekranda kislota rangidagi kvadratlar nur sochadi, transsendent musiqa jaranglaydi. Maks sahna bo‘ylab sakraydi. Atrofimda o‘tirgan tomoshabinlarga qarayman: ular sakrashmaydi, lekin boshlarini musiqaga hamohang qimirlatishadi. Ko‘rinishidan, ular ham uyqudagidek holatga tushishni istashayotgandek.  
 
Musiqa ovozi balandlaydi. Maks nimadir deb baqiradi. Unga javoban zaldan emizikli bir bola baqiradi. Nega siz bolani olib keldingiz? Bolakay birinchi bo‘lib Maksni tushuna boshlaydi va u bilan bir xil tilda gaplashadi.
 
“Sen suyanib turgan narsa har doim qarshilik ko‘rsatadi”, deydi Maks. Men suyanmaslikka harakat qilaman.
 
Maks qo‘shiq aytadi. Uning ovozi chiroyli.
 

Faustext: Maksim Fadeev singt Faustext: Maksim Fadeev singt | © Goethe-Institut Taschkent

Oldindagi ekranda tasvir goh yoqiladi, goh o‘chadi: oq-qora chiziqlar, aylanadigan kvadratlar. Hamma narsa qayergadir harakatlanadi, joyini o‘zgartiradi. Yoqiladi. O‘chadi.
 
Zal xuddi sehrlangan kabi tinglaydi. Rasmlarga tikiladi. O‘z fikrlarini anglashga harakat qiladi. Yonida o‘tirganlarning xayollarini o‘qiydi.
 
Oldimdagi yigit tipirchilaydi. Chap tomondagi qiz boshqa yigit bilan pichirlashadi. Aftidan, ular zalning tushunayotgan qismiga aylanishmadi.
 
O‘ng tomonda o‘tirgan do‘stim xayolparast bo‘lish nimaligini biladi. U stulda yengilgina tebranadi. U hech kim bilan gaplashmaydi, tipirchilamaydi. Ba’zan u sahnada bo‘layotgan narsalar ustidan kuladi. U biroz eshitarli qilib kuladi. Chunki shu tarzda faqat u tushunadi.
 
Videoqatorlar o‘zgaradi. Gipnoz qiluvchi yaltiroq kvadratlar va romblar, inson tanalaridan iborat kaleydoskop, qizil va qora spirallar. Maks devor va proektor o‘rtasida turib, videoqatorni buzadi. Audiuzatgichlardan Tomas Manning “Doktor Faust” asaridan matnlar jaranglaydi.
 
“Bu rasmda zo‘r ko‘rinsa kerak!” – o‘ylayman men. Agar men hanuz o‘ylayotgan bo‘lsam, bu mening xayolot dunyosiga oxirigacha kirmaganimni anglatadi. Bunday qilishni to‘xtataman.
 
Maks bizni har qanaqasiga matndan chalg‘itadi. Men unga qaramayman, aksincha, audiouzatgichlardan taralayotgan narsalarni tinglayman. “Har qanday san’at asari yolg‘ondir.  Faqatgina lahza haqqoniydir”.
 
Ehtimol, Maks hozir aynan shu narsani qilmoqda. U qizlarni zaldan olib chiqadi, yakka-yakka. Ular bilan proektor nurlari ostida raqsga tushadi. Keyin u sahnada tishlarini tozalaydi, yuvinadi, polga yotib oladi. U o‘zini qanday istasa, shunday tutadi.
 
Kimdir bularni u bilan birga boshdan kechirishni tanlaydi, undan ko‘z uzmaydi. Menga esa matn kerak. “Hayot haqiqatining o‘zi kasallik yoki sog‘liqning farqini inkor etadi. Ularning o‘rtasida hech qanaqa farq yo‘q”.
 
Men ko‘proq tinglashni xohlayman. Men ko‘rinmas olamlardan, qiyofasi bizga faqat ba’zida tushlarda ko‘rinadigan o‘sha olamlardan noma’lum Kadatni qidirishni davom ettirishni xohlayman.
 
Maksim Fadeyev bo‘layotgan voqealar uchun bizning oldimizda go‘yo o‘zini oqlayotgandek bo‘ladi: “Mendan tez-tez sen nima chekasan, deb so‘rashadi. Men Pall Mall, kulrang, deb javob beraman. Ayta oladigan yagona narsam shuki, men qilayotgan barcha narsa ichimdan keladi”.
 
Albatta! Axir, ma’lum bo‘lgan fizika qonunlarining barchasiga qarshi chiqadigan antigeometrik shakllarga aylanayotgan bu xayoliy jumboqlar yana qayerdan paydo bo‘lsin? Faqat ichdan.
 
Agar tomoshabinlar orasidan kimdir ularga tegib ko‘rishga muvaffaq bo‘lsa – asar g‘oyasini anglash emas, yo‘q, faqatgina biroz muddatga kosmik sayohatga otlansa – shuning o‘ziyoq yirik kamyoblik sanaladi.
 
"Biz barchamiz bo‘sh shar ichida yashaymiz!" – xotima qiladi Maks butun spektakl yakunida.
 
Ha! Biroq, uning ichidan chiqib ketish mumkin. Va faqat shunday yo‘llar bilan. Odatiy narsalar haqidagi tasavvurlarimizni buzadigan rasmlar orqali, buyuklarning adabiy asarlari orqali, musiqa orqali, o‘yin orqali, orzular orqali.